Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida 23-yanvar kuni 230-sonli bolalar bog‘chasida qizlarga tegajog‘lik qilishda gumonlanayotgan shaxsga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov.

Voyaga yetmagan X.Sh. (2008-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) shu maktabgacha ta’lim tashkiloti sobiq direktorining o‘g‘li hisoblanib, bog‘chadagi 4 nafar tarbiyalanuvchi qizchaga ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilganlikda ayblangan.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudyasi J. Kurbanov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq X.Sh. Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 85-moddasi (Ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “v” bandiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni tarbiya koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Oliy sud birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar Toshkent shahar sudiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekanini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil may oyida “Gazeta.uz” nashriga bir qancha ota-onalar murojaat qilib, ularning farzandlariga ta’lim tashkiloti direktorining maktabda o‘qiydigan o‘g‘li tegajog‘lik qilganini aytgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2-may kuni tushdan keyin 6 yoshli bolalar guruhi uxlashga kirganida sodir bo‘lgan va gumonlanuvchi bola 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgan. Direktor esa buni “tuhmat” deb atagandi (voqea haqida batafsil ushbu havolada o‘qish mumkin).

“Gazeta.uz” surishtiruvidan so‘ng holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. IIV tergov davom etayotganini, Bosh prokuratura va Maktabgacha ta’lim agentligi holat qat’iy nazoratga olinganini bildirgan. Shuningdek, bog‘cha direktori “xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun” ishdan bo‘shatilgan.