Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi davomida CNPC neft-gaz korporatsiyasi raisi Day Xoulyanni qabul qildi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekistonda yerosti gaz saqlash sig‘imlarini barpo etish va gaz yetkazish tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy burg‘ilash texnologiyalarini joriy qilish va neft-gaz tarmog‘i uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi “Fortune Global 500” reytingida kiradi. Kompaniya neft va gaz qazib olish bo‘yicha, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda yirik loyihalarni amalga oshirgan.

2017-yili CNPC shu’ba kompaniyasi hisoblangan CNODC va “O‘zbekneftgaz” ishtirokidagi New Silk Road Oil And Gas korxonasi Buxoro viloyatidagi gaz kondensati konini jihozlashga kirishgandi.

2013-yilning sentabrida “O‘zbekneftgaz” va CNODC Qoraqo‘l investitsion bloki konini qo‘shimcha razvedka qilish va qazib olishni boshlash bo‘yicha korxona tashkil etgandi. Qorako‘l blokida olib borilgan geologik razvedka ishlari natijasida aniqlangan Xo‘jadavlat, Sharqiy Olot va Dengizko‘l konining Xo‘jasayat uchastkalaridagi gaz-kondensat konlari mazkur korxona uchun xom ashyo bazasi hisoblanadi.

2017-yilda korxona litsenzion maydonida konni jihozlash hamda 16 ta ekspluatatsion quduq qurish, bir yilda 1 milliard kub metrgacha tabiiy gaz va 6500 tonna kondensat qizib olish rejelashtirilayotgani xabar qilingandi.

O‘shanda xolding vakili CNPC Xitoy banklari bilan loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kredit shartnomasini imzolaganini ma’lum qilgandi. Loyiha qiymati 378 mln dollar bo‘lib, korxona mablag‘lari hamda CNPC kafolati ostidagi Xitoy kreditlari hisobiga moliyalashtirilishi ta’kidlangan.