24-yanvar kuni Pekin shahrida Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston prezidenti Xitoy yetakchisiga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik hamda O‘zbekistondagi islohotlarning e’tirofi uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot chog‘ida davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli sur’atga erishilganini ta’kidladi. Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlar muhim masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida qayd etildi.

Misol uchun, o‘tgan yil noyabr oyida Pekin shahrida Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, parlamentlararo hamkorlik faollashgan.

си цзиньпин, хитой, шавкат мирзиёев

Prezident XXR raisiga kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikka shaxsan e’tibor qarayotgani va qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlanganini ta’kidladi.

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, so‘nggi yillarda Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshgan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetgan. Yaqin kelajakda buni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi.

Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi. 2023 yil oxirida O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida quvvati 1000 megavattlik ikkita yangi quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani qayd etildi.

“Xitoyning yetakchi banklari, „Ipak yo‘li“ fondi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuqori baholandi”, — deyiladi xabarda.

си цзиньпин, хитой, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarorini ta’kidlab, xitoylik sheriklarni O‘zbekistondagi davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Ikki davlat yetakchilari hududlararo almashinuvlar faollashganini bildirib, bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit ko‘prigining muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhim ekani ta’kidlandi.

Xabarda yozilishicha, kecha Pekinda birinchi ta’lim forumi, Shanxayda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tgan. Shu kunlarda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar ham Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ta’lim va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shma Yoshlar innovatsiya forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Tomonlar rejalashtirilgan barcha tadbirlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Hukumatlararo qo‘mita va uning barcha kichik qo‘mitalari yig‘ilishlarini joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazishga kelishib oldi.

Muzokaralar davomida mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga (terrorizm, ekstremizm va separatizm — tahr.) qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev XXR rahbarini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi hamda Xitoy xalqini yaqinlashib kelayotgan xitoycha Yangi yil — “Chun Sze” bayrami bilan tabrikladi.

“Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi”, — deyiladi xabarda.