O‘zbekiston-Qirg‘iziston qo‘shma avtomobil zavodini ishga tushirish ob-havo sharoiti tufayli keyinga surilmoqda. Bu haqda 24.kg nashriga Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat prezidentlari tomonidan kelishilgan “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, korxonani joriy yil boshida ishga tushirish rejalashtirilgandi. Oldinroq esa avtomobillarni yig‘ish iyul oyida boshlanishi haqida xabar berilgandi.

“Ob-havo sharoiti tufayli bu muddat 2024-yilning birinchi yarmiga ko‘chirildi. Ammo ish shu bilan tugamaydi. O‘ylaymanki, Sokuluk tumani aholisi qurilishning jadal sur’atlarda borayotganini ko‘rmoqda. Birinchi yarimyillik oxiriga qadar ilk mahsulotlarni taqdim etamiz, deb o‘ylaman”, — dedi Daniyar Amangeldiyev.

“O‘zavtosanoat” kompaniyasi 2023-yil 27-yanvar kuni ikki davlat o‘rtasidagi biznes-forum chog‘ida Qirg‘izistonda avtomobil ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib olgan. Konsernning qo‘shma korxonadagi hamkorlari “DT Texnik” va “Nur” bo‘ladi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, olti yil ichida zavod 30 mingta avtomobil ishlab chiqarish va 1000 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Zavodda Chevrolet, Daewoo va Isuzu markali 19 ta modeldagi avtomobillarni yig‘ish rejalashtirilgan. Umumiy investitsiyalar 50 million dollarga baholangan.

Zavod qurilishi o‘tgan yilning may oyi o‘rtalarida boshlangan. Qirg‘iziston bosh vaziri Akilbek Japarov loyihani “har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega” deb atagan.