23-yanvarga o‘tar kechasi Qozog‘iston aholisi epitsentri Qirg‘iziston va Xitoy chegarasida bo‘lgan zilzilani sezdi. Uning magnitudasi 7 ballni tashkil qilgandi.

Zilzila O‘zbekistonda ham sezildi — 3−4 ball, lekin buni eng kuchli his qilganlar Olmaota aholisi bo‘ldi — 5 ball. Chimkentda tebranish 2 ballni tashkil etdi. Zilzila Ostona, Olmaota, Sharqiy Qozog‘iston, Jambil, Jetisu va Qarag‘anda viloyatlarida ham sezilgan.

Qozoq matbuotining yozishicha, odamlar vahima ichida uylarini tark etib, ko‘chaga yugurishgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi video va fotosuratlarda ba’zilar sovuqda ustki kiyimsiz, yalangoyoq yoki shippaksiz turganini ko‘rish mumkin. Olmaotada kechasi havo harorati -5 darajagacha tushdi.

Tengrinews.kz`ning qayd etishicha, ko‘plab olmaotaliklar shaharni tark etishga uringan, buning oqibatida tirbandlik va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelgan. Patrul xizmati xodimlari yo‘l harakatini o‘zlari tartibga solishiga to‘g‘ri kelgan.

“Birinchi kuchli silkinish sodir bo‘lgan vaqtda men allaqachon yotoqda, pijamamda edim. Onam ibodat qila boshladi, men xonamdan yugurib chiqdim va biz eshik romlari ostiga turib oldik. Biz 12-qavatda yashaymiz, hech qanday chora bizni qutqarib qololmasdi, lekin baribir muzlatgich yonidagi eshik romining tagida turdik, — dedi “Gazeta.uz”ga Olmaota shahrida yashovchi 29 yoshli Gauhar Sabirova. — Yer silkinishi to‘xtagach, onam tashqariga chiqishga majburladi. Tezda kiyindim va tashqariga chiqdim, onam qo‘llariga issiq kiyimlarni oldi. Qo‘shnilar hovlida to‘plana boshladi va biz hammamiz birga zinadan tusha boshladik, lift joyida turgandi”.

Bu vaqtga kelib, Gauharning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chada allaqachon turar-joy aholisi to‘plangan. “Biz pastga tushayotganimizda, hamma, qoida tariqasida, o‘zini xotirjam tutdi, lekin ko‘chadagi odamlar aniq qo‘rqib ketgandi: bolalar yig‘lagan, hamma shahar tashqarisidagi qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z kechinmalarini aytib bergan. To‘satdan 10-qavat balandligidan yerga nimadir qulab tushdi, balki qor bo‘lagimi yoki biror buyum to‘ldirilgan qopmi, yonimdagi bir ayol vahima ichida qichqira boshladi va bolalarini ushlab oldi”, — aytib berdi u.

Gauharning ta’kidlashicha, odamlar takroriy zilziladan qo‘rqib, uylariga kirmagan, ba’zilar — shahardan chiqib ketgan. “Yaqinimizdagi tor ko‘chada tirbandlik yuzaga keldi, tungi soat 2 da yo‘llar mashinalar bilan tiqilib qoldi. Maktablar ochiq edi, hududni tark eta olmaganlar sport zallarida to‘plandi”.

“Odamlar hayvonlar haqida ham unutmadi. Men ham darhol mushuklarimni olish uchun qaytib keldim va bir yarim soat davomida to‘rttalamiz tashqarida turdik”, — deya qo‘shimcha qiladi Gauhar.

Mahalliy OAVlar Olmaota aholisi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan o‘z vaqtida SMS-xabarnoma olmagani haqida ham yozmoqda. O‘tgan yili shahar hokimiyati kuchli zilzilalardan erta ogohlantirish tizimiga 1,1 milliard tenge sarflagan bo‘lsa-da, sirena ham ishlamagan.

“Men 112 (Qozog‘istonda favqulodda xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilish uchun yagona raqam — tahr.) dan birinchi SMS`ni soat 2:50 da oldim (Olmaotadagi ilk yer silkinishlari 00:09 da qayd etilgan — tahr.). Internetda soat 3:00 da yana kuchli silkinishlar kutilayotgani haqida mish-mishlar tarqalib ketdi. Xabarlar shu qadar tez yoyildiki, atrofdagilarning hammasi shu haqda gapirardi va hech qanday sog‘lom fikr ishlamacdi. Men onamga tushuntirishga harakat qildim, u WhatsApp, Instagram va hokazolardagi kuchli dezinformatsiyadan qo‘rqib ketgandi”, — deydi Gauhar.

Murojaatda fuqarolardan xotirjamlikni saqlash va faqat rasmiy manbalarga ishonish so‘ralgan. Gauharning so‘zlariga ko‘ra, SMS faqat qozoq tilida bo‘lgan. “Menimcha, ular buni uchta tilda qilishlari kerak edi. Chunki Olmaotada xorijliklar soni juda ko‘p, masalan, Hindiston, Mo‘g‘uliston va Xitoydan kelgan talabalar bor”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Keyinchalik Olmaota Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) elektr sirenasi faqat silkinishlar kuchi 5,5 balldan ortiq bo‘lgan holatlarda ishga tushirilishini bildirdi, shuning uchun uni yoqishning “hojati bo‘lmagan”, chunki u “keragidan ortiq ajiotaj uyg‘otadi”. Boshqarma SMS-xabarlarning kechikishini uyali aloqa operatorlari aholi zichligi yuqoriligi tufayli axborotni qayta ishlashga ulgurmagani bilan izohladi.

Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smoilov favqulodda vaziyatlar xizmatining munosabatini tanqid qildi. “O‘z vaqtida ma’lumotga va aniq ko‘rsatmaga ega bo‘lmagan odamlar vahimaga tushdi… Ogohlantirish tizimlarini o‘z vaqtida yoqish, aholini imkon qadar tezroq xabardor qilish va xabarlar yuborish kerak edi”, — dedi u 23-yanvar kuni hukumat yig‘ilishida.

Smoilov mahalliy hokimiyat organlariga bu kabi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalarini tuzatish bo‘yicha topshiriq berdi. “Zilzilaga moyil bo‘lgan barcha hududlarda tez-tez mashg‘ulotlar o‘tkazilishi kerak, deb hisoblayman. Aholi harakatlar algoritmini amalda bilishi kerak”, — deya ta’kidladi Qozog‘iston bosh vaziri.

“Ozodlik” radiosi va Tengrinews.kz`ning ta’kidlashicha, shahardagi barcha evakuatsiya punktlari ham ishlamagan, “kamida zilziladan keyingi birinchi soatda”. Ayrim nuqtalarda qo‘riqchilar odamlarni ichkariga kiritmagan. FVB bu ma’lumotni rad etib, zilziladan keyingi ilk 30 daqiqadayoq aholi maktab va bog‘chalarga kiritilganini ma’lum qildi. FVB ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qabul punktlarida 11 mingdan ortiq aholi, jumladan, 3500 nafari bola to‘plangan.

Olmaota aholisi shahar maktablaridan birida. Foto: Zakon.kz.Olmaota aholisi shahar maktablaridan birida. Foto: Zakon.kz.

Olmaota sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 23-yanvar soat 17:00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida 67 kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan. Ularning 55 nafari kattalar, 12 nafari bolalar hisoblanadi.

Sakkiz kishi, jumladan, besh nafar bola kasalxonaga yotqizilgan, qolganlari — ambulator davolanishga yuborilgan. Kasalxonaga olib ketilgan bolalarning barcha jarohatlari uyda yiqilib tushish oqibatida olingan, deyiladi xabarda. Hozirda ularning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.

Zilzila O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ham sezilgan. Toshkent shahrida silkinish kuchi 3 ballni, Farg‘ona vodiysida 3−4 ballni tashkil etgan. Bishkekda 3 magnitudali zilzila sezilgan.