Toshkent shahrida eski ToshMI hududidagi sobiq kadet korpusining bosmaxona binosini restavratsiya qilish loyihasi tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Madaniy meros agentligi.

Yanvar oyi boshida tarmoqlarda ushbu bino buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Madaniy meros agentligi buni rad etib, bino madaniy meros obyekti ekani va davlat tomonidan muhofaza qilinishini bildirgan.

Keyinchalik, bir haftacha o‘tib sobiq kadetlar korpusi binosi profnastil panjara bilan o‘rala boshlagan, hududda demontaj ishlari boshlangan. Shahar madaniy meros boshqarmasi rekonstruksiya loyihasini hali tasdiqlagani yo‘qligi, ammo “ishni nazorat qilayotgani” bildirilgan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, 11-yanvar kuni agentlik huzuridagi ilmiy-ekspert kengashining 1-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zshaharsozlik LITI davlat muassasasi tomonidan taqdim etilgan “Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish” loyihasi ko‘rib chiqilgan.

madaniy meros agentligi, restavratsiya, sobiq kadet korpusi, taрихий bino, eski тошми

Loyihaga ko‘ra, ushbu binoga mos ravishda 26 metr, 13 metr va 52 metr masofalardagi “akkreditatsiya-simulyatsiya” qo‘shimchasiga 2 ta yotoqxona binosini qurish, loyihada cherkov bo‘lgan binoning yuqori qismini tiklash, binolarning tashqi ko‘rinishini hamda konstruktiv holatini saqlash belgilangan.

Ilmiy-ekspert kengashi O‘zshaharsozlik LITI davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan sobiq kadetlar binosini rekonstruksiya qilish va inshootlarini qurish loyihasi yuqorida belgilangan talablar, shuningdek, binoning tashqi ko‘rinishini konstruktiv tarzda saqlash sharti bilan tasdiqlagan. Kengash loyiha xulosasi tegishli tartibda muassasasiga yuborilgan.

Yaqin vaqtgacha Toshkent tibbiyot institutining 3-klinikasi joylashgan asosiy bino N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti (RMTTU) filiali uchun tayyorlanmoqda. Uni tashkil etish prezidentning 2021-yil 1-iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, kadetlar korpusi XIX asr oxirida Turkiston o‘lkasi qurilish boshqarmasi boshlig‘i, me’mor Vilgelm Geynselman rahbarligida harbiy bo‘lim loyihasi bo‘yicha qurilgan. Filial uchun berilgan bino Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval eski ToshMI hududidagi sobiq saraton bo‘limi — XX asr boshlarida qurilgan ikki qavatli bino buzib tashlangan edi. U yerda Aleksandr Soljenitsinning “Saraton bo‘limi” romani voqealari bo‘lib o‘tgan.