O‘zbekistonda 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi hamda Konchilik va geologiya vazirliklarining taklifi prezident Shavkat Mirziyoyevning 17-yanvardagi qarori bilan tasdiqlandi.

Moratoriy qo‘llaniladigan hududlarning chegaralari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Daryolar, qirg‘oqbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida qum va shag‘al materiallarini qazib olish huquqi faqat E-Auksion elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

Qaror bilan daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlarini tashkil etish taqiqlanadi.

Moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi. Tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari Ekologiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Hozirgi holat

Foto: Senat matbuot xizmatiFoto: Senat matbuot xizmati

Prezident qarorida qayd etilishicha, O‘zbekistonda qurilish ko‘lamining kengayishi va noruda materiallarga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishi natijasida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari soni ortib bormoqda.

Birgina 2023-yilda daryo o‘zanlarida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 303 ta holatda 268 nafar shaxsga nisbatan 68 milliard so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 42 ta holat bo‘yicha 45 milliard so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazilganligi uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Buning oqibatida suv resurslari zaxiralarining kamayib ketishi, daryo qirg‘oqlarining yemirilishi, suvni muhofaza qilish zonalarining turli chiqindilar bilan ifloslantirilishi holatlari yuz berib, sug‘orish tizimlari, elektr energiya, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlariga zarar yetkazilmoqda.

Ayniqsa, Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo kabi daryolar o‘zanlaridagi ekologik vaziyat ularni qayta tiklash va nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

2022-yil iyul oyida Senat daryo va soylardagi qum va shag‘allarni chuqurlashtirish natijasida suv resurslarining kamayishi masalasini ko‘rib chiqdi. “Xuddiki daryolarning egasi yo‘qdek, suvning egasi yo‘qdek… Daryo o‘zanlarini tozalash, daryo o‘zanlaridan foydali qazilmalar qazib olishga qat’iy cheklov o‘rnatish vaqti keldi, deb hisoblayman”, — degandi senator Risqul Siddiqov.

2023-yil iyun oyida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov vazirlik qurilish maqsadida daryo o‘zanlaridan shag‘al va qum qazishni taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Buning uchun qum-shag‘al materiallarini qazib olishning yangi manbalarini ochish zarur, dedi u.

“Endi u barcha ekologik talablarga zid ravishda amalga oshiriladigan shafqatsiz biznesga aylandi”, — degandi vazir. “Daryolar shunchaki qurilish materiallari ishlab chiqarish manbasiga aylanib, tabiatdan qurilish sanoatiga o‘tgandek bo‘ldi. Ammo daryo o‘zanlaridan hech qachon noruda qurilish materiallari bilan ta’minlash uchun foydalanilmagan”.

Qo‘shimcha vazifalar

Qaror bilan Ekologiya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining o‘zaro hamkorligini ta’minlagan holda monitoring qilish va bu borada doimiy reydlar o‘tkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rib borish;
  • daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan barcha subyektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish;
  • shartnoma asosida realizatsiya qilingan uchastkalarda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari yakunlanganidan so‘ng, loyiha majburiyatlarining bajarilishini joyida o‘rgangan holda uchastkalarni qabul qilish;
  • daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridagi buzilgan yerlarni bosqichma-bosqich rekulbtivatsiya qilish, tabiiy landshaftni qayta tiklash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish.

Geologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar tog‘ va tog‘oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bunda:

  • daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalarini tog‘ va tog‘oldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga ko‘chirish;
  • tadbirkorlik subyektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik infratuzilma obyektlarini barpo etishni nazarda tutadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Ekologiya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar davlat kosmik monitoringi doirasida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazish hamda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash va tegishli ma’lumotlarni vakolatli organlarga taqdim etish tizimini yaratiladi. Bunda:

  • Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan Ekologiya vazirligiga — noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash uchun ajratilgan maydon doirasidan tashqarida hamda noqonuniy qazib olingan foydali qazilmalar hajmlari to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • Ekologiya vazirligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga — noqonuniy qazib olingan foydali qazilmalar hajmi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ekologiya vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda xalqaro va mahalliy olimlarni jalb qilgan holda 2024-yil 1-iyunga qadar Chirchiq daryosi o‘zanini ekologik reabilitatsiya qilish bo‘yicha kompleks loyihasini ishlab chiqsin va uni tasdiqlash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.

Daryo o‘zanlarini to‘planib qolgan noruda materiallaridan tozalash tizimini tartibga solish va takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.