AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan Self Defense Camp — xotin-qizlarning o‘zini o‘zi himoya qilishiga qaratilgan kurslarida 2023-yilning sentabr-dekabr oylarida mashg‘ulot o‘tagan 60 dan ortiq bitiruvchilar taqdirlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

17-yanvar kuni elchixonada o‘tgan marosimda elchi Jonatan Xenik, O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov va uning birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov, Prezident administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Nozima Davletova va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mashg‘ulotlarda qatnashgan xotin-qizlarning ayrimlari amaliy sport mashg‘ulotlarini sahna ko‘rinishi tarzida namoyish qildi.

Marosimda Jonatan Xenik nutq so‘zlab, ayollar uchun mo‘ljallangan mazkur loyiha ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Diplomat sifatidagi asosiy vazifam muzokaralar olib borish va tinchlikka erishishdir. Balki odamlarda „Amerika elchixonasi nima sababdan o‘zini o‘zi himoya qilish mashqlarini yo‘lga qo‘ydi, maqsad nima?“ degan savollar tug‘ilishi mumkin. Loyiha doirasida olib borilayotgan jismoniy va psixologik mashg‘ulotlar orqali xotin-qizlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshishiga hissa qo‘shmoqchimiz. O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, ayollar to‘liq salohiyatga erishishlari uchun o‘ziga nisbatan ishonchni rivojlantirishi zarur. Loyihamiz maqsadi ham shunga qaratilgan”, — dedi u.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, loyihaga qiziqish bildirib, ariza topshiruvchilar soni tobora ortib bormoqda. 2021−2023-yillarda jami 464 nafar ayol-qiz o‘zini o‘zi himoya qilish mashg‘ulotlarini tamomlagan.

“Ushbu loyihani poytaxtdan tashqari hududlarda ham asta-sekin ommalashtirmoqchimiz. Yaqinda Qarshi shahrida boshladik, keyingi manzilimiz — Urganch shahri. Ammo resurslarimiz cheklangani bois mamlakatning barcha shaharlarida buni birdaniga yo‘lga qo‘ya olmaymiz. Agar nodavlat yoki davlat tashkilotlari ushbu dasturimiz geografiyasini kengaytirishga shay bo‘lishsa, biz birgalikda hamkorlik qilishdan xursand bo‘lamiz”, — dedi Jonatan Xenik.

AQSh elchisi OAV vakillarining “Sizningcha, loyihani mamlakatdagi ta’lim maskanlarida ham tizimli joriy etish kerakmi?” degan savoliga javob qaytararkan, shunday dedi:

“Bu masalada hukumatga maxsus tavsiyalar bera olmayman. Lekin hukumat bu loyihani yaxshi deb baholasa va maktab yoki boshqa ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yishni ma’qul deb bilsa, biz hamkorlik qilishga, yordam berishga tayyormiz”, — dedi u.

Jonatan Xenikning qayd etishicha, genderga oid zo‘ravonlik nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo, xususan, AQShda ham dolzarb muammo hisoblanadi. “Bu muammo insonga jismoniy va ruhiy zarardan tashqari, o‘zini o‘zi rivojlantirishidagi imkoniyatlariga va tenglikka putur yetkazadi”, — dedi elchi.

U 2023-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan qonunni imzolaganini e’tirof etdi.

“Janob Mirziyoyevning o‘zi menga „Bu hali boshlanishi“, degandi. Qonunning qabul qilingani juda katta yangilik va yaxshi holat bo‘ldi. Lekin uni amaliyotda qo‘llash kabi ishlarga bir necha yil vaqt kerak bo‘ladi. Amerika hukumati, AQSh elchixonasi bu masalada ham qo‘lidan kelgan ko‘makni ko‘rsatishga va jamiyatning ushbu muammoga bo‘lgan qarashini o‘zgartirishda yordam berishga har doim tayyor. Umid qilamizki, bizning o‘zini o‘zi himoya qilish mashg‘ulotlarimiz O‘zbekistonda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga o‘ziga yarasha hissa qo‘shadi”, — dedi AQSh elchisi.

Tadbir yakunida 60 dan ortiq xotin-qizga statuetka topshirildi. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilgan mutaxassislarga sertifikatlar berildi.

Loyiha haqida

Xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan o‘zini o‘zi himoya qilish mashg‘ulotlari loyihasi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 2021-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. Ishtirokchilar professional mutaxassislar tomonidan o‘tiladigan mashg‘ulotlar davomida o‘zini jismoniy zo‘ravonlikdan himoya qilish, yaxshi jismoniy holat va osoyishtalikni saqlash uchun bir qator texnika hamda mashqlarni o‘rganadi. Shuningdek, psixologlar nizolarni hal qilish, ochiq muloqot va stressni boshqarish usullarini o‘rgatadi. Mashg‘ulotlar uch oy davom etadi.

Yoshi turlicha bo‘lgan xotin-qizlar uchun alohida ikkita guruh tuziladi. Har bir guruhdagi ishtirokchilar soni 30 kishidan oshmaydi. “A” guruhga — 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan qizlar, “B” guruhga — 18 yoshdan oshganlar qabul qilinadi. Mashg‘ulotlar jismoniy tayyorgarlik darajasidan yoki oldingi mashg‘ulot tajribasidan qat’i nazar, 13 yoshdan oshgan qizlar va ayollar uchun mo‘ljallangan. Ularda qatnashish bepul.