Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23−25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, davlat rahbari Xitoy hududlaridan biriga tashrif buyurib, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 17−18-oktabr kunlari ham amaliy tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan. O‘shanda davlat rahbari “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etgan, XXR raisi, shuningdek, Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi bilan uchrashgan.