Chorshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” uning raisligiga bunga qadar Prezident administratsiyasi huzuridagi Yoshlar siyosati departamentiga rahbarlik qilgan Qahramon Quronboyev saylangani haqida yozdi.

Anjumanda ishtirokchilarning mahalla faollariga murojaati qabul qilindi. Unda aytilishicha, mahallaning “jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va ta’sirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga”ga aylanib bormoqda. Mahallalar faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi. Alohida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan oltita ustuvor yo‘nalish sanab o‘tildi.

“Ana shu vazifalarni amalga oshirish biz uchun nafaqat majburiyat, balki muqaddas burchimizdir. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatimizni ravnaq toptirish, xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarimizni hayotdan rozi qilish yo‘lida muhtaram prezidentimizga tayanch va suyanch bo‘laylik!” — deyiladi murojaatda. Quyida undan parchalar keltirilgan.

Mahalla faollariga murojaatdan parchalar

  • Barchamiz uchun muqaddas vatan, avvalo, o‘z uyimiz, mahallamiz ostonasidan boshlanadi. Hammamizning hayotimizdagi yaxshi va beg‘ubor damlar, tashvishli kunlar, taqdirimiz va kelajagimiz o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan ana shu idora bilan bevosita bog‘liq. Muhtaram grezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab aytganlaridek, mahalla tinch bo‘lsa — yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa — butun mamlakatimiz obod va farovon bo‘ladi.
  • Oxirgi 7 yilda tizimni takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash usuli keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
  • Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugungi kunda hamma ish mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilinmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda, unga qo‘shimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu — albatta ham vakolat, ham mas’uliyat degani. Mahallalar — davlatimizning eng katta zamini.
  • Mahalla idorasining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va ta’sirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib bormoqda.
  • Bugungi kunda butun mamlakatimiz kabi mahallalarimiz taraqqiyotida ham yangi davr boshlanmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va vazifalar asosida mahalla tizimida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib, faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishimiz lozim.
  • Inson qadri, mehr-oqibat va hamjihatlik, millatlararo do‘stlik va totuvlik, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va san’at, sport va ilm-fan rivoji, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, avvalo, mahalladan boshlanadi.
  • Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda mahallalarda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur. Navqiron avlod vakillarining islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun birinchi navbatda mahallalarda qulay muhit va sharoitlar yaratish o‘ta muhim vazifamizdir.
  • Bizning bu boradagi ishtirokimiz, avvalo, bir-birimizga, qo‘ni-qo‘shnilarga, ko‘chamizda, mahallamizda unib-o‘sib kelayotgan bolalar tarbiyasiga befarq bo‘lmasdan, jon kuydirishda, tom ma’noda “har bir bolaga ham ota, ham ona, ham ustoz, ham tarbiyachi” bo‘lishimizda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, milliy ma’naviyatimizga qarshi qaratilgan buzg‘unchi harakatlarga qarshi kurashish va mahallada axloqiy-tarbiyaviy muhit barqarorligini ta’minlashda muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, faol ko‘cha va uy boshliqlari, imom-xatib va otinoyilar, ziyolilarimiz va tadbirkorlarimizning fidoyiligi katta ahamiyatga ega.
  • Bugun ba’zi guruhlar orasida kuzatilayotgan diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi va ulardan ustun qo‘yish holatlariga, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undayotgan kishilarga, ko‘p xotinlik, ayol kishi ishlamasdan uyda o‘tirishi, o‘qimasligi kerak, degan soxta “da’vat”larga qarshi biz kurashmasak, kim kurashadi?
  • Ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashni, avvalo, oilamizdan, mahallamizdan boshlashimiz zarur. Bu borada mahalla faollari va jamoatchilik tuzilmalari faol bo‘lmog‘i lozim. O‘zimiz, farzand va nabiralarimiz hayoti hamda kelajagiga daxldor bunday masalalarda endi “uxlab o‘tirish”, loqayd bo‘lishga aslo haqqimiz yo‘q.
  • Yoshlar bilan ko‘proq gaplashish, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolariga yechim topish, jumladan, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, harbiy xizmatga munosib mard va botir yigitlarni tarbiyalashga e’tibor qaratish mahalla faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi shart. Bu borada tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz lozim.
  • Prezidentimiz belgilab bergan to‘g‘ri yo‘lda endi tashabbus ko‘rsatish, turli illatlarga qarshi kurashishdan uyalib, tortinib o‘tirish bizga yarashmaydi. Dadil bo‘laylik, so‘zimiz va ishimiz ham keskir bo‘lsin! Agar barchamiz birlashib, xavf-xatar va muammolarni yengmasak, ular bizni yengadi. Biz birlashmasak, buzg‘unchi kuchlar bizga qarshi birlashadi. Buni hech qachon unutmasligimiz lozim.
  • Mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan ijtimoiy muammolar mutasaddi tashkilotlar tomonidan bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytiraylik! Yoshlarimizning “onlayn qimor”, “tarmoqdagi o‘g‘rilik”, firibgarlik kabi illatlarga berilib, jaholat qurboniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaylik!
  • To‘y-hashamlardagi dabdababozlik, isrofgarchilikka chek qo‘yaylik!
  • Agar sidqidildan harakat qilsak, mahallaning qurbi yetmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Mahallamizdagi jamoatchilik tuzilmalari, “Mahalla nazorati” va “Keksalar maslahati” guruhlariga, “Oqila ayollar” harakatiga eng faol va jonkuyar faollarni jalb etib, ularni ezgu maqsad yo‘lida safarbar etsak, har qanday muammoni albatta hal qilamiz.
  • Bugungi kunda quyidagi ustuvor masalalarga alohida e’tibor qaratish zarur:
  1. Avvalambor, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi!”, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, “Mening mahallam, mening ko‘cham tinch va toza, jinoyatchilikdan xoli mahalla, ko‘cha!”, “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak!”, “Men mahallamga befarq emasman!” kabi ezgu shior va da’vatlarni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak.
  2. Ikkinchidan, mahallalarda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligi zarur — yetim-yesirlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalarni qo‘llab-quvvatlash faoliyatimizning muhim yo‘nalishi bo‘lishi shart.
  3. Uchinchidan, uyma-uy yurish, har bir oilaning turmush tarzidan xabardor bo‘lish, oilalar farovonligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholida tomorqa madaniyatini yuksaltirishga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim.
  4. To‘rtinchidan, notinch, ajralish yoqasida turgan oilalar, jinoyat sodir etishga moyil yoki a’zolari o‘z joniga suiqasd qilgan, uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan, jazoni ijro etish muassasalaridagi fuqarolarning oilalari bilan muntazam ishlasak, yaxshi natijaga erishamiz.
  5. Beshinchidan, oila va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, to‘y-hashamlarni dabdabadan xoli, ixcham va kamxarj o‘tkazishga ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimizni keng jalb etib, ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishimiz zarur.
  6. Oltinchidan, mahallada jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishimiz zarur. Qonun hujjatlari, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, fuqarolar yig‘inlarining qarorlari ijrosini nazorat qilish, korxona hamda tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishimiz kerak.
  • Prezidentimizning “Qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm suradi, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan so‘zlari faoliyatimizda dasturilamal bo‘lishi lozim.
  • Hech qachon unutmaylik, ana shu vazifalarni amalga oshirish biz uchun nafaqat majburiyat, balki muqaddas burchimizdir. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatimizni ravnaq toptirish, xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarimizni hayotdan rozi qilish yo‘lida muhtaram Prezidentimizga tayanch va suyanch bo‘laylik! Shu yo‘lda “Mening mahallam — mening istiqbolim — mening taqdirim”, degan tamoyil hayotiy shiorimizga aylansin!