18-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda o‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorov lavozimidan ozod qilindi.

Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.

Ma’lumot uchun, Badriddin Abidov 2018—2019-yillarda tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, 2019−2022-yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2023-yilning fevralidan hozirgi vaqtgacha ushbu lavozimda ishlab kelayotgandi.

Dilshod Sattorov 2018-yil avgustida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga (“O‘zstandart”) bosh direktor etib tayinlangan. 2021-yilning iyunida agentlik tugatilib, uning funksiyalari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi yangi agentlik (Texnik jihatdan tartibga solish agentligi) nazoratiga o‘tgan.

Avvalroq ushbu majlisda investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, Abdulla Aripovga eksport hajmlari kamaygani uchun Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirilgan.