O‘zbekistonda 2024-yildan har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamg‘armasi 2 mln dollar bo‘lgan Xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“Silk Uzbekiston fashion week”) o‘tkaziladi.

Bu 12-yanvar kuni imzolangan “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida nazarda tutilgan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Farmonga turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat bo‘lgan turizm markazlari qurilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo do‘konlaridan iborat bo‘lgan yirik savdo komplekslari (“Luxury tourism village”) quriladi.

2024-yildan xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun turizm vakillari biriktiriladi. 2024-yil 1-oktabrgacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.

️Shuningdek, 2024-yildan:

  • Turizm namoyishi obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi.
  • Respublikadagi turizm namoyishi obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi Turistik yo‘nalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestri yuritiladi.
  • Milliy zargarlik mahsulotlari do‘konlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi.
  • “To‘rt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligini tashkil qilish taklifi 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident raisligidagi ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bildirilgandi.