Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida endilikda eksportni qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgarishi belgilandi.

Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga ko‘maklashadi.

Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi.

1-martdan ushbu tizimni joriy qilish topshirildi.