2023-yil yakuniga ko‘ra Apple birinchi marta dunyodagi eng yirik smartfon yetkazib beruvchiga aylandi. International Data Corporation (IDC) tadqiqot guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung 2010-yildan to bungacha yetakchilik qilib kelgandi.

IDC`ning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili Apple 234,5 million dona qurilma yetkazib berdi, kompaniyaning bozordagi ulushi 20,1 foizni tashkil qildi. Samsung esa 226,6 millionta smartfon (19,4 foiz) yetkazib berdi.

Jahon yetakchilari orasida uchinchi o‘rinda 145,9 million dona smartfon yetkazib bergan va bozor ulushi 12,5 foizni tashkil etgan Xitoyning Xiaomi kompaniyasi joy oldi. Beshlikka, shuningdek, Oppo (103,1 million) va Transsion (94,9 million) kirdi.

IDC Worldwide Tracker tadqiqot direktori Nabila Popalning ta’kidlashicha, kuchli uchlik orasida Apple “har yili ijobiy o‘sishni ko‘rsatadigan yagona o‘yinchi”. Bu, Popalning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bozorning 20 foizdan ortig‘ini egallagan premium qurilmalarning o‘sib borayotgan tendensiyasi bilan izohlanadi.

IDC hisobotida aytilishicha, global smartfonlar bozori 2023-yilda 3,2 foizga kamayib, 1,17 milliard donani tashkil etgan holda “qiyinchilikni boshdan kechirmoqda”. Hisobot mualliflari bu so‘nggi o‘n yildagi eng past ko‘rsatkich ekanligini ta’kidlab, bunga sabab sifatida makroiqtisodiy noaniqlik va yil boshida omborlarning haddan tashqari ko‘p to‘lib ketganini ko‘rsatmoqda.

Biroq, IDC ta’kidlashicha, yilning ikkinchi yarmida bozor tiklanish belgilarini ko‘rsatdi — to‘rtinchi chorakda o‘sish 8,5 foizni (326,1 million dona) tashkil etib, 7,3 foiz o‘sish kutilayotgan prognozlardan oshib ketdi.