18-yanvar kuni tongda tushgan qalin tuman (ko‘rinish 250 m) Toshkent aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi. Ko‘rish masofasi pasayishi sababli bir qator reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Xususan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY602 (Moskva — Toshkent) reysi poytaxt aeroportiga qo‘na olmadi. Ekipaj Toshkent vaqti bilan soat 05:20 da Samarqand aeroportiga qo‘ndi.

Mahalliy vaqt bilan soat 05:19 da havoga ko‘tarilgan kompaniyaning yana bir HY9613 (Moskva — Toshkent) reysi yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli soat 06:42 da Urganch aeroportiga qo‘ndi.

Kompaniyaning HY708 reysi (Vladivostok — Toshkent) esa soat 07:03 da, Centrum Air aviakompaniyasining C67704 (Jidda — Toshkent) reysi soat 07:52 da Samarqand aeroportiga qo‘nishni amalga oshirdi.

“Rossiya” aviakompaniyasining SU6971 (Toshkent — Sankt-Peterburg) reysi mahalliy vaqt bilan soat 10:05 da Farg‘ona aeroportiga qo‘ndi.

Panorama Airways aviakompaniyasining 5P5366 va 5P362 (Madina — Toshkent) reysi ham Samarqanddagi muqobil aerodromga 10:21 da qo‘nishni amalga oshirdi.

Shuningdek, O‘sh (Qirg‘iziston) aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli Quvaytdan uchayotgan Jazeera Airways aviakompaniyasining J9653 reysi Namangandagi muqobil aerodromga jo‘nab ketdi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 08:35 da Namangan aeroportiga qo‘ndi.

Parvozlar jadvaliga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni aviatashuvchidan olishingiz mumkin, deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways quyidagi reyslar kechikib amalga oshirilishini ma’lum qildi:

  • HY761/762 Toshkent-Olmaota-Toshkent;
  • HY709 Toshkent-Minsk-Toshkent;
  • HY423/424 Toshkent-Dehli-Toshkent;
  • HY231/232 Toshkent-Frankfurt-Toshkent;
  • HY9675/9676 Toshkent-Omsk-Toshkent;
  • HY021/022 Toshkent-Buxoro-Toshkent;
  • HY9685/9686 Toshkent-Sochi-Toshkent.

Kompaniya ob-havo sharoiti yaxshilanishi bilan ushbu reyslar belgilangan manzilga parvozlarni amalga oshirishini qo‘shimcha qildi.