Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda, jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot olish uchun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovni parlamentga taklif etish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb yozmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi, Ekologiya partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo G‘afforov so‘nggi paytlarda poytaxtdagi havoning ifloslanishi muhokamalar mavzusiga aylanib qolganini ta’kidladi.

U O‘zgidromet ma’lumotlariga tayanib, Toshkent shahrida yanvar oyida havodagi mayda PM2,5 zarrachalarining miqdori o‘rtacha 45 mkg/m3 ni tashkil etgani, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan (5 mkg/m3) bir necha baravar yuqori ekanini aytdi. Shuningdek, u IQAir xalqaro xizmati reytingida Toshkent dunyoda havo ifloslanishi bo‘yicha yuqori o‘rinni egallab turganini ta’kidladi.

Deputat yaqinda Ekologiya vazirligi tomonidan atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalar va muammoni hal qilish yuzasidan takliflar haqida ma’lumot berilganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019-yilda “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan mas’ul davlat organlarining vakolat va funksiyalari, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarning majburiyatlari belgilangan.

Shunga qaramay, vaziyat og‘irlashmoqda, shu bois axborotini tinglash uchun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovni chaqirishga qaror qilindi.

Deputat Ilhom Abdullayevning aytishicha, hukumat a’zolarining axborotini eshitish parlament nazorati va demokratiyaning muhim elementlaridan biri, shuning uchun “bunday voqealarga to‘liq mas’uliyat bilan yondashish kerak”.

“Bundan tashqari, ushbu so‘rovning asosini tashkil etgan mavzu ekologiya masalasidan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan, butun xalqning xavfsizligi, hayoti va salomatligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan darajaga ko‘tarildi”, — dedi u.

Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi axborotni tinglashdan tashqari, prezidentga hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun kiritish, huquqni muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar kiritish, shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar yuborish, shuningdek, hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish, yangi qonunlar qabul qilish va materiallarni nashr etish tashabbusi bilan chiqish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi.

“Parlament nazorati doirasi juda keng. Bu esa bunday so‘rovlar tashabbuskorlariga katta mas’uliyat yuklaydi. Agar biror fraksiya tashabbus bilan chiqsa va Qonunchilik palatasidan bu so‘rovni qo‘llab-quvvatlashni so‘rasa, biz bu so‘rovni shunchaki moda mavzusi bo‘lgani uchungina o‘tkaza olmaymiz, biz parlament bu masalani hal qilishda qanday foyda keltirishi mumkinligini aniq tushunib olishimiz kerak” — dedi u.

Ilhom Abdullayev bu borada hokimliklar, Ekologiya vazirligi tomonidan keng hamjli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Ekologiya vazirini chaqirganimizda, bu masala bo‘yicha aniq parlament pozitsiyasiga ega bo‘lishimiz kerak. Shu bois ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlashda fraksiya materialni to‘liq o‘rganishini va qarorimiz loyihasining samarali ekanini hisobga olishingizni so‘rayman. Unda rostmana takliflar bo‘lishi kerak, shunchaki tinglovni eshitib, oxirida: „Ha, shunday ekan“ demasligimiz kerak. Biz allaqachon nimalar bo‘layotganini juda yaxshi bilamiz”, — dedi u.

Xayrullo G‘afforov bunga javoban fraksiya tinglovni “ko‘rgazma uchun” o‘tkazishni rejalashtirmayotganini aytdi.

Unga ko‘ra, fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida olimlarning fikr-mulohazalari tinglanib, bir vaqtning o‘zida muammoni joyida o‘rganadigan ishchi guruh tuzilgan.

Ekologiya vazirligi avvalroq havo sifati muammosi borligini tan olib, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni sanab o‘tgandi.

Yaqinda Toshkent shahri markazida faollar, blogerlar va san’at vakillari aholi va hukumat e’tiborini ekologik muammolarga qaratish maqsadida #TozaHavoKerak fleshmobini o‘tkazgandi. Ular rasmiylardan bir martalik choralar emas, balki uzoq muddatli va keng qamrovli yechim kutayotganini bildirgan.