17-yanvar kuni Qahramon Qo‘chqorovich Quronboyev O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi etib saylandi, deb xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan u Prezidenti administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Qahramon Quronboyev 1970-yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (1992), prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2004) tamomlagan. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari (1997−2008), Milliy universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori (2012−2013), Vazirlar Mahkamasida bo‘lim mudiri (2015−2016), shuningdek, prezidentning jamoatchilik va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari (2017) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-yilning 30-iyunidan Yoshlar ittifoqiga rahbarlik qilgan.

O‘zAga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga raisiga o‘rinbosarlar ham saylandi. Jovdatxon Sultanovich Inog‘omov birinchi o‘rinbosar bo‘ldi. Bunga qadar u Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahri filiali rahbari lavozimida ishlagan.

Abdullo Ubaydulloyevich Aslonov esa rais o‘rinbosari etib saylandi. U bundan avval Liberal-demokratik partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, “Yoshlar qanoti” jamoatchilik kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Mahallalar uyushmasi haqida

“Gazeta.uz” Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari, tuman va shaharlar bo‘limlariga ega, 9300 dan ortiq mahallani birlashtirgan Mahallalar uyushmasi tashkil etilishi haqida xabar bergandi.

Prezidentning 21-dekabrdagi qarori bilan uyushma shtati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi (5 kishi) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etilayotgani belgilangan.

Uyushmaning yana 320 ta shtat birligi “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘linmalari shtatlari qisqartirilishi hisobiga tashkil etilgan.

Yangi uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish;
  • mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash;
  • har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;
  • fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rish;
  • “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashish;
  • mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish;
  • mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan budjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash;
  • mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish.