17-yanvar, chorshanba kuni soat 17:16 da Toshkent shahri Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Bektemir tumani Porloq ko‘chasida joylashgan konteyner ichidagi qurilish materiallari yonayotgani haqida xabar kelib tushdi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Soat 17:27 da voqea joyiga to‘rtta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan, soat 17:44 da yong‘in hududi o‘rab olinib, 17:54 da to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlanganlar yo‘q, hozirda holat sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Uzum Market marketpleysining Qo‘yliq bozori hududidagi omborxonasi yonib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Uzum Market ma’lumotni rad etdi.

“Yong‘in qurilish maydonchasiga tutash hududda sodir bo‘lgan, — deya ma’lum qildi kompaniya “Gazeta.uz"ga. — Uzum Market ombori odatdagidek ishlamoqda, barcha xodimlarimiz va sotuvchilarimiz xavfsiz, sog‘lom, tovarlarimiz esa buzilmagan holatda”.

Uzum Market barcha buyurtmalar xaridorlarga o‘z vaqtida yetib borishini ta’kidladi.