Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi so‘nggi vaqtlarda Toshkent havosi tarkibida PM2,5 dispers zarrachalari me’yoridan bir necha o‘n barobar ko‘payganini ta’kidlab, undan himoyalanish bo‘yicha tibbiy tavsiyalar berdi.

Qayd etilishicha, atmosfera havosidagi muallaq RM2,5 zarrachalari nafas yo‘lidan o‘tuvchi zarrachalardir. Ular gaz almashinuvi sodir bo‘ladigan alveolalar va o‘pka kapillyarlariga kirib, tizimli qon oqimidan o‘tadi. Turli organlarga kirib, to‘qimalarning hujayralariga bevosita mahalliy ta’sir ko‘rsatadi.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, mayda dispers zarrachalar hujayra membranalariga kirib borish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, ularning organlar va to‘qimalarda surunkali to‘planish xavfi mavjud.

Atmosfera havosida RM10 va RM2`ning yuqori konsentratsiyasiga uzoq muddatli ta’sir qilish yallig‘lanish, kanserogen, teratogen, sitotoksik ta’sirga ega bo‘lib, allergopatologiyaning rivojlanishiga hissa qo‘shadi va insonning umr ko‘rish davomiyligiga ta’sir qiladi.

Mutaxassislar bu zarrachalaridan himoyalanish uchun xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turishni maslahat bermoqda. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qilishini eslatib, nam sochiqlarni osib qo‘yishni tavsiya qilmoqda.

Shuningdek, quyidagi tavsiyalarni amalga oshirish zarur:

  • derazalarni yopiq holda saqlash, ayniqsa, kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yopish;
  • ko‘proq suv ichish;
  • ochiq havoda harakat qilishni cheklash;
  • tez-tez dush qabul qilish, ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach (bu jarayon nafas olishni yengillashtiradi);
  • og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib tashlash;
  • ko‘zlarni yuvish (ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun) tavsiya etiladi.

Qo‘mita, shuningdek, nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalanishlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 17-yanvar, chorshanba kuni ertalab Toshkent havosining ifloslanishi yana “zararli” darajaga yetdi. Soat 9:00 da shahar havosidagi mayda RM2,5 zarrachalarining miqdori o‘rtacha 119 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 23,8 baravar (5 mkg/m3) yuqori, deb xabar qildi O‘zgidromet.

IQAir xalqaro xizmati reytingida esa Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston rasmiylari yaqinda — jurnalistlar va jamoatchilikning bir necha bor so‘rovlaridan so‘ng — havo sifati bilan bog‘liq muammo borligini rasman tan oldi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni (ulardan ba’zilari aholi bilan muhokama qilinishi kerak) sanab o‘tdi.

Biroq ifloslangan havo sharoitida qanday yo‘l tutish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qilish va bu bilan aholini muntazam ravishda xabardor etish (ob-havo hodisalari to‘g‘risida ogohlantirishlarda bo‘lgani kabi) hali yo‘lga qo‘yilmadi.

Toshkent hokimligi xorijlik ekspertlar ishtirokida shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha choralar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Ba’zi choralar “keskin” bo‘lishi va ular tadqiqot hamda tahlillarga asoslangan bo‘lishi kerakligi aytilgan. Hokimlik tez orada jamoatchilikka taqdimot berilishini qayd etgan.