Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi yangi vakolatlarga ega bo‘ladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 10-yanvarda imzolagan qarorida ko‘zda tutilgan.

Xususan, komissiya 2027-yil 1-yanvargacha elektrotexnika sanoati korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishi mumkin. Ushbu chora-tadbirlar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mablag‘ ajratiladi. Shunday qilib, endi budjet mablag‘lari nafaqat prezident, hukumat va parlamentning hujjatlariga muvofiq, balki hukumat komissiyasi qarorlari asosida ham ajratiladi.

Avval xabar berganimizdek, 25-dekabrda bo‘lib o‘tgan hukumat komissiyasining Jamshid Xodjayev boshchiligidagi 118-sonli yig‘ilishi bayonida (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud) elektrotexnika sohasida mamlakat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarorida nazarda tutilmagan qator chora-tadbirlar belgilangan.

Ularning ro‘yxatida maishiy texnika importi uchun o‘rtacha 10 foiz stavka bilan antidemping bojini joriy etish, mahsulotlarni eksport qilishda elektrotexnika korxonalari tomonidan “faktoring” va “valyuta kursini xedjirlash” xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmi, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar va xomashyo import qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish va boshqa ko‘plab choralar o‘rin mavjud.

Qarorga ko‘ra, ta’sischisi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bo‘lgan Eltech-Lab kompaniyasi tomonidan elektrotexnika va maishiy elektronika mahsulotlarning texnik reglamentlar va xalqaro talablarga (xavfsizlik va energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari) muvofiqligini baholash bo‘yicha zamonaviy sinov laboratoriyasi va sertifikatlashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 2024-yilda davlat budjetidan 25 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga uch oy muddatda elektrotexnika iste’molchilariga binolar va inshootlar, texnik vositalar, jihozlar, shuningdek, tegishli malaka sertifikatlariga ega bo‘lgan texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlariga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqib yuqori sifatli va kafolatlangan xizmatlar ko‘rsatish maqsadida xizmatlarni xalqaro standartlar asosida tartibga solish mexanizmini nazarda tutuvchi qaror loyihasini hukumatga kiritish topshirig‘i berilgan.

Eslatib o‘tamiz, hukumat komissiyasi yig‘ilishi bayonnomasida quyosh fotoelektrik panellarini (TIF TN kodlari 8541430000 va 8541420000) texnik reglament talablariga muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritish ham nazarda tutilgandi. Maqsad sifatsiz mahsulotlar bozorga kirib kelishining oldini olish ekani qayd etilgan.

Eltech Lab sinov laboratoriyasida yil oxirigacha quyosh panellarining texnik talablar va sifat ko‘rsatkichlariga muvofiqligini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha yo‘nalish tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Bundan tashqari, yig‘ilishi bayonnomasida transformator podstansiyalari va transformatorlar, kabel va mis mahsulotlari, quyosh stansiyalari uchun yagona texnik talablarni ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. obyektlar texnik talablarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi va shundan keyingina elektr tarmog‘iga ulanadi.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga ham rahbarlik qiladi. Shu bilan birga, 2023-yil 1-iyuldan JST qoidalari va normalariga mos kelmaydigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlangan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston elektrotexnika ishlab chiqaruvchilariga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar, 2027-yilgacha soliq imtiyozlari, marketing tadqiqotlari xarajatlarining bir qismini qoplab berish, davlat xaridlarida imtiyozlar va yana boshqa ko‘rinishdagi imtiyozlar ham beriladi.

Bundan tashqari, 1-fevraldan O‘zbekistonga muzlatkichlar, radiatorlar, changyutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va boshqa jihozlarni olib kirish uchun mamlakatda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari yoki rasmiy dilerlarining bo‘lishi talab qilinadi. Shu bilan birga, ular servis xizmatlarini ko‘rsatishi ham talab etiladi.