Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sharafidinovich Soxibnazarov qo‘shimcha ravishda bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Shamsiddin Soxibnazarov 2023-yil oktabr oyidan buyon Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab keladi. Ungacha esa departamentning Toshkent shahri boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident raisligida 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha rejalar e’lon qilindi. Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi. Tashkilotning tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, departamentga eng zamonaviy axborot tizimlari va maxsus vositalar olib beriladi, ushbu organda ishlash uchun iqtisodiy sohalar va xorijiy tillarni mukammal biladigan mutaxassislar tanlab olinadi.