Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak 12-yanvar kuni Kiyevda ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik bitimini imzoladi, deb xabar bermoqda UNIAN agentligi.

O‘tgan yili NATO sammitida “Katta yettilik” (G7) davlatlari Ukraina xavfsizligini uzoq muddatda ta’minlashga va’da bergan va deklaratsiya imzolagan. Buyuk Britaniya Ukraina bilan bunday shartnoma tuzgan birinchi davlat bo‘ldi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri idorasining ma’lum qilishicha, kelishuv Londonning Kiyevga ko‘rsatgan va ko‘rsatadigan yordamini rasman rasmiylashtiradi. U axborot almashish, harbiy va tibbiyot xodimlarini tayyorlash, kiberxavfsizlik va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

“Shuningdek, Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiya tomonidan yana hujumga uchrasa, u bilan maslahatlashish va ularni himoya qilish uchun „tezkor va barqaror“ yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi”, — deyiladi hukumat saytida.

“Bugun… Ukraina va Buyuk Britaniya yangi va misli ko‘rilmagan xavfsizlik bitimini imzolagan kun. Bu shunchaki deklaratsiya emas. Bu bizning hamkorligimiz, xususan, Buyuk Britaniyaning buyuk global qudrati tomonidan berilgan xavfsizlik kafolatlari tufayli yuzaga keladigan haqiqatdir”, — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Britaniyaning ushbu hujjat bo‘yicha majburiyatlari Ukraina NATOga a’zo bo‘lguniga qadar o‘z kuchida qoladi.

Britaniya hukumati rahbari, shuningdek, 2024−2025-yillarda Ukraina uchun 2,5 milliard funt sterling miqdorida harbiy yordam paketini e’lon qildi. Buning kamida 200 million funt sterlingi minglab harbiy dronlar, jumladan, razvedka, hujum va dengiz dronlarini sotib olish va ishlab chiqarishga sarflanadi.