13-yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida nosoz avtobusdan 55 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilindi, deya xabar bermoqda mamlakat favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Respublika ahamiyatiga molik Samara-Chimkent avtomobil yo‘lining 965-kilometrida Toshkent-Qozon (Rossiya) yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Avtobusda 55 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.

Yo‘lovchilar FVV xodimlari tomonidan Qorabutak qishlog‘i masjidiga ko‘chirilgan, ularga tibbiy yordam kerak bo‘lmagan, deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilarga ob-havo yomonlashganda va avtomobil yo‘llarida harakat cheklovlari mavjud bo‘lganda yo‘lga chiqmaslik, transportning texnik holatiga e’tibor berish tavsiya qilingan.