O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirlar doirasida Istanbul shahrida 10-yanvar kuni odam savdosida ayblanib, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan ikki ayol qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar qildi.

Quyidagi shaxslar hibsga olingan:

  • 1985-yilda tug‘ilgan Dilnoza Umarova — 2018-yildan buyon qidiruvda edi;
  • 1983-yilda tug‘ilgan Mavludaxon Ulmasova — 2017-yildan buyon qidiruvda edi.

Ushbu ayollarning xatti-harakatlaridan jabrlangan fuqarolardan Istanbuldagi bosh konsulxona yoki Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi.

Bosh konsulxona Turkiya hududida hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimli ravishda davom etishini qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi, jumladan, “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova Turkiyada qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Nilufar Mirxanova ham odam savdosida ayblanib qidiruvga berilgandi, u Turkiyadan deportatsiya qilingan.