Favqulodda vaziyatlar vazirligi 11-yanvar kuni Rossiyaning Penza viloyatida yuz bergan YTHda yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Ikki nafar fuqaro turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

FVV ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda vafot etgan va jabrlangan fuqarolarni Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida vatanga olib kelish bo‘yicha topshiriq bergan.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, Rossiya Federatsiyasi mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishmoqda”, — deya qayd etdi FVV.