Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Avvalroq Qonunchilik palatasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni qabul qilgani, hujjatdan ushbu sohaga tegishli bo‘lmasada O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” surat va videolarini internetga joylaganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham o‘rin olgani xabar qilingandi.

Muhokama qilinayotgan qonun bilan yuqoridagi harakat bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida (17 mln so‘m) jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Majlisda mazkur norma aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgani qayd etilib, bu borada IIV akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetning kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari hamda qonun tashabbuskorlari — IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rahbar xodimlarining fikrlari tinglangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 va 2023-yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, Internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtirgan.

“Videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganligi, qoidabuzarlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish jarayonini qarshilik ko‘rsatib tasvirga olganligi, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajriba o‘rganilganda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlanganini, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkinligi ta’kidlangan.

Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000-yilda tasdiqlangan.

Mazkur normaga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan.

Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi.

“Ko‘rinib turibdiki, ko‘plab davlatlar qonunchiligida ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini amalga oshirish chog‘idagi faoliyatini suratga yoki tasvirga olish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlangan va buning uchun tegishli choralar ko‘rilishi mustahkamlangan. Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda”, — deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Qo‘mita qonun bo‘yicha mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokamalar o‘tkazishni rejalashtirayotganini qayd etgan.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burxanov IIO xodimlarining foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun jazolash haqidagi norma oshkoralik siyosatiga zid, deb hisoblashini ta’kidlagandi. “Yuksalish” harakati esa Senatdan jamoatchilik e’tirozlarini inobatga olishni so‘ragandi.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa mazkur norma haqida fikr bildirar ekan, huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini ta’kidlagandi.

“Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin. Bu xodimlarning ruhiy holatini yaxshilashga olib kelishi mumkin deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, bu aks natija beradi. Biz huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, ichki ishlar xodimlari fuqarolarning haqiqiy tayanchi, do‘sti va himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini istaymiz”, — degandi u.

Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, agar shunday me’yor qabul qilinsa, “fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan hurmatini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”.

Mazkur normaga “Gazeta.uz”ning qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha materiali e’lon qilinganidan so‘ng, Telegram kanallarida jamoatchilikning munosabati ham paydo bo‘ldi.

“Bu juda yomon fikr. Birinchidan, u hokimiyatni tanqid qilgani uchun cheksiz muddatga manipulyatsiya qilinishi va qamoqqa olinishi mumkin. Ammo biz yuzlab holatlarni eslashimiz mumkinki, xodimlar haqiqatda qonunni buzgan va fotosuratlar va videolarni nashr etish huquqlarni himoya qilishning yagona imkoniyati edi”, — deb yozdi jurnalist Nikita Makarenko.

Bloger Davletovuz ushbu tuzatishni “ochiqlikka bir tarsaki” deb ta’rifladi.

Bakiroo kanali muallifining ta’kidlashicha, qonun loyihasi hech qanday jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmagan va bu borada jamoatchilik fikri olinmagan. “Obro‘sizlantirish va haqorat uchun qonunchilikda jazo bor. Normal huquqiy davlatda bu qoidalar barcha uchun amal qiladi. Agar politsiya yo ichki ishlar xodimlari uchun uchun alohida qoidalarni belgilash boshlansa, kuch, ma’muriy resurslar va mablag‘lar noteng taqsimlangani, ayniqsa mustaqil sudning yo‘qligi sharoitida fuqarolarni repressiv apparatga „garovga topshirib“ qo‘ygan bo‘lamiz”, — dedi u.