“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi sement ishlab chiqaruvchilar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i miqdori qariyb 4 baravarga pasaytirilganiga munosabat bildirdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” xabar qilganidek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) parlamentga yuborgan budjetnomada stavkani ikki baravarga — bir tonna uchun 22,5 ming so‘mdan 11,25 ming so‘mgacha tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozilgandi, ammo oxir-oqibat stavka 6 ming so‘mgacha pasaytirildi.

Uyushma 2019-yilgacha ohaktosh uchun yer qa’ridan foydalanganlik stavkasi soliq solinadigan bazaning 5 foizini tashkil qilganini ta’kidladi. “Keyin bir tonna uchun 45 ming so‘m miqdorida qat’iy belgilangan tarif joriy etildi, shu bois tannarx keskin oshdi”, — deyiladi xabarda.

2022-yil 1-yanvardan boshlab yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 baravarga — bir tonna uchun 22,5 ming so‘mgacha pasaytirildi. Sement (klinker) ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021-yil 1-oktabrdan boshlab foyda solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi (hamma uchun).

“Bir tonna uchun 22,5 ming so‘m stavka ohaktosh tannarxining 75 foizini tashkil etadi (o‘rtacha 30 ming so‘m). Shu bois uni 6 ming so‘mga (narxning 20 foizi) tushirishga qaror qilindi”, — deyiladi uyushma xabarida. Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda bu soliq tannarxning 4,7 foizini, Qirg‘izistonda — 3 foizini, Tojikistonda — 7 foizini tashkil qiladi.

Uyushma ohaktoshga soliq stavkasini pasaytirish mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshiradi, deb hisoblaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvati yiliga 32,7 million tonna bo‘lgan 37 ta sement zavodi faoliyat yuritadi. Ulardan 13 tasi gazda, 5 tasi gaz va ko‘mirda, 19 tasi esa faqat ko‘mirda ishlaydi. 2023-yilda ichki iste’mol hajmi 17,64 million tonna prognoz qilingan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 16,8 million tonnani tashkil etgan.

“Gazeta.uz” avvalroq sement zavodlari faoliyatining atrof-muhit va inson salomatligiga ta’sirini keng muhokama qilishga chaqirgan edi.