Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Avvalroq, prezident 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bozorlarni O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish zarurligini aytgandi. U milliy madaniyatni aks ettirgan yangi zamonaviy bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqishni topshirgandi.

“Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do‘konlari, oshxonalar, ko‘ngilochar maskanlar hamohang bo‘lishi, xaridorlar va turistlarni o‘ziga jalb qilishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o‘tildi.

Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlat rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston 24” telekanalining xabar berishicha, prezident Yangi Toshkentda ham zamonaviy bozor majmuasi qurishni hozirdanoq rejalashtirish kerakligini ta’kidladi. Umuman, 515 ta bozorni “tartibga keltirish” bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilmoqda (“Qo‘yliq” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan).

bozorlar, шавкат мирзиёев

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Soxibnazarov davlat rahbari tomonidan yuqorida qayd etilgan hududlarda zamonaviy majmualar qurish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berilganini ma’lum qildi.

“[Prezident] asosan, bozor komplekslarini zamonaviy tipda va me’morchilik usullaridan foydalangan holda aholi va tadbirkorlar uchun hamda chet eldan kelgan turistlar uchun qulay bo‘lishi kerakligi yuzasidan topshiriq berdi. Bunda Made in Uzbekistan brendi ostida ishlab chiqarilgan mahalliy mahsulotlarning uyg‘unligi, hunarmandchilik buyumlarimizni ishlab chiqaruvchi rastalarni ko‘paytirish va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish komplekslarini tashkil qilish, shuningdek, milliy an’analarimizga mos ravishda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish rastalarini alohida-alohida qo‘yishi yuzasidan topshiriq berildi. Ushbu savdo komplekslarida aholi uchun ko‘ngilochar maskanlar va ovqatlanish joylarini tashkil qilish bo‘yicha ham topshiriq berildi”, — dedi u.

bozorlar, шавкат мирзиёев

Taqdimot slaydlaridan birida Xiva shahridagi bozor loyihasi taqdim etildi.

bozorlar, шавкат мирзиёев

Yana bir slaydda Samarqand shahrida Eko Life Fruits MCHJ tomonidan Avtomobil transport-ekspeditsiya kombinati hududida va Registon maydonidan 8 km uzoqlikdagi 8 gektar maydonda bozor qurish loyihasini ko‘rish mumkin.