Jahon banki O‘zbekistonning 2023-yilgi iqtisodiy o‘sishini 5,5 foizga baholadi. Yaqin ikki yil uchun mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi bo‘yicha ham shunday prognoz berildi. Bu haqda har chorakda chop etiladigan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” hisobotining so‘nggi sonida so‘z boradi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil boshida Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini 4,9 foiz darajasida prognoz qilgan bo‘lsa, iyun oyida ko‘rsatkichni 5,1 foizga, oktabr oyida esa 5,5 foizga yaxshilagan edi.

Yevropa va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyatga baho

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda (YeMO) iqtisodiy o‘sish 2022-yildagi 1,2 foizdan 2023-yilda 2,7 foizgacha oshgan. O‘sishning bunday tezlashishiga ichki talabning kengayishi (budjetni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralari tufayli), mehnat bozoridagi barqaror vaziyat hamda Rossiya va Ukrainadagi yangilangan o‘sish sabab bo‘ldi.

Biroq, agar biz ushbu davlatlar va Turkiyani hisobga olmasak, 2023-yilda YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 1,8 foiz darajasida sezilarli sekinlashgan. Sekinlashish mintaqaning barcha hududlari bo‘ylab tarqalgan va umumiy iqtisodiyotning 78 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.

iqtisodiy o‘sish, jahon bankı

Yevrohududdagi zaif tashqi talabning ta’siri, ayniqsa, Markaziy Yevropa (submintaqalar orasida eng zaif o‘sish — 0,7 foiz) va G‘arbiy Bolqonda sezilarli bo‘ldi.

Iqtisodiy o‘sish Janubiy Kavkazda ham sekinlashdi, lekin Markaziy Osiyoda tezlashdi. Pul o‘tkazmalari oqimi Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda talabni saqlab qolishda muhim rol o‘ynadi.

Sharqiy Yevropada iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ijobiy qiymatlarga qaytdi. Shunday qilib, Ukrainada o‘sish sur’ati 4,8 foizni tashkil etdi. Ushbu ijobiy tendensiyaga qaramay, Ukrainaning 2023-yildagi ishlab chiqarish hajmi Rossiyaning mamlakatga bostirib kirishidan oldingi darajadan 30 foiz pastroq ko‘rsatkichda qoldi.

Energiya va oziq-ovqat narxlari bosimi pasaygani sababli mintaqadagi inflyatsiya sekinlashdi, lekin hali ham aksariyat mamlakatlarda maqsadli ko‘rsatkichdan yuqoriligicha qolmoqda.

“Sust iqtisodiy faollik va inflyatsiyaning sekinlashuvi fonida ko‘plab mamlakatlarda asosiy stavkalar maksimal darajaga yetdi, bu esa ayrim markaziy banklarning stavkalarni pasaytirishni boshlashiga turtki bo‘ldi”, — deya qayd etdi Jahon banki va Turkiya hamda Rossiya pul-kredit siyosatida keskinlashuv siklini boshlaganini qo‘shimcha qildi.

Prognoz

YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2024-yilda 2,4 foizgacha pasayishi, 2025-yilda esa 2,7 foizgacha o‘sishi kutilmoqda. Ushbu o‘sishning asosiy omillari inflyatsiya bosimini yumshatish bilan qo‘llab-quvvatlanadigan xususiy iste’mol, shuningdek, yevro hududi iqtisodiyotining bosqichma-bosqich tiklanishi bilan rag‘batlantirilgan eksport hisoblanadi.

“Biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq noaniqlik mintaqa istiqbollarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu ikki davlatni hisobga olmasa, mintaqadagi o‘sish sur’atlari joriy yilda 3,1 foizga, 2025-yilda esa 3,7 foizgacha tezlashishi kutilmoqda”, — deya ta’kidlanadi Jahon banki prognozida.

Aksariyat YeMO mamlakatlari inflyatsiyaning prognoz qilinayotgan pasayishi sharoitida pul-kredit siyosatini yumshatishda davom etishi mumkin. Biroq, bank tahlilchilarining ta’kidlashicha, kutilayotgan budjet konsolidatsiyasi bu istiqbollarni yopib ketadi.

Pandemiyaning davom etayotgan oqibatlari va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli mintaqadagi o‘sish pandemiyadan oldingi tendensiyalardan past bo‘lishi kutilmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, YeMO mintaqasida aholi jon boshiga daromad darajasining yaqinlashuv sur’ati sekin darajada qolishi kutilmoqda, shu sababli aholi jon boshiga o‘rtacha daromad darajasi 2025-yilda Yevropa Ittifoqi ko‘rsatkichining atigi 24 foizini tashkil etadi.

Xatarlar

“Mintaqa prognozida xavf balansi hali ham past darajadagi o‘sish sur’atlariga bog‘liq. Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi energiya narxining oshishiga, moliyalashtirish shartlarining keskinlashishiga olib kelishi va ishonch darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deya ta’kidladi tahlilchilar.

“Mintaqadagi geosiyosiy xatarlar, jumladan, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan mojaroning kuchayish xavfi yuqori hisoblanadi va sodir bo‘lishi ham mumkin, bu esa shundoq ham katta bo‘lgan inson resurslari va iqtisodiy yo‘qotishlarni yanada kuchaytiradi”, — deya ogohlantirdi Jahon banki.

“Kutilganidan yuqori inflyatsiya sharoitida pul-kredit siyosati uzoq vaqt davomida qattiqroq ko‘rinishda qolishi mumkin. Mintaqaning asosiy savdo sherigi bo‘lgan yevrohududda iqtisodiy tiklanishning kutilganidan sekinroq kechishi mintaqadagi faollikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

“Bundan tashqari, Xitoyda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sezilarli darajada pasayishi yoki Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmining kutilganidan keskinroq qisqarishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari uchun noqulay tashqi omillar sifatida xizmat qilishi mumkin”, — deya xulosa qildi Jahon banki.