Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida qonun ustuvorligini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlariga kasb bayrami (8-yanvar) bilan yo‘llagan tabrigida.

“Qonun hukmron bo‘lgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va yuksalish bo‘ladi, inson qadri, huquq va manfaatlari ta’minlanadi, — dedi u.

Prezident so‘nggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, o‘z nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega bo‘lgan tizimni shakllantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Prokuratura tizimi ham, odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida „jazolovchi idorani“ emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor bo‘lishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani ko‘rmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 148 mingga yaqin tadbirkorning muammolariga yechim topilgani ham tasdiqlaydi, dedi u.

Mazkur davrda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 53 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 4,7 trillion so‘m zarar undirildi, 15 mingdan ortiq shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berilib, ularning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlandi.

“Qonun — ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni ta’minlash borasidagi ishlar hal qiluvchi bosqichga kirmoqda, deya ta’kidladi prezident.

Qachon odamlarimiz hayotida xotirjamlik, ro‘zg‘orida farovonlik va halovat bo‘ladi, qachon ularda ertangi kunga ishonch ortadi? Qachonki, yurtimizda qonunlar qog‘ozda emas, balki amalda qat’iy bajarilgan, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini o‘z kundalik hayotida his etgan taqdirda bu maqsadga to‘la erishish mumkin, — dedi davlat rahbari.

“Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlarimiz ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, tibbiyot, ta’lim kabi sohalardagi islohotlarimizni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz bo‘lish — prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, “korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoni umumxalq harakatiga aylanayotgan bugungi kunda prokuratura xodimlariga alohida jonbozlik ko‘rsatib, o‘z tashabbuslari bilan barchaga namuna bo‘lishlariga” ishonch bildirdi.