Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov Yangi yil bayramini nishonlash vaqtida pirotexnika vositalarining keng qo‘llangani masalasi yuzasidan Bojxona qo‘mitasi raisiga senator so‘rovini yubordi, deb xabar qildi yuqori palata matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda pirotexnika vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish, olib kirish, tashish, saqlash va sotish ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Shunga qaramay, yaqinda nishonlangan Yangi yil bayrami arafasida mamlakatning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham pirotexnika vositalaridan keng ko‘lamda foydalanildi. Bu, o‘z navbatida, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi”, — deyiladi Senat xabarida.

So‘rovda bayram kunlarida pirotexnika vositalari tufayli aholining, ayniqsa, keksalar, bemorlar va yosh bolalarning tinchligi buzilgani alohida ta’kidlangan. Bularning barchasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinib, foydalanuvchilar bojxona organlaridan shikoyatlarini bildirgan.

Bundan tashqari, so‘rovda OAVda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarlik holatlari bartaraf etilgani haqida xabarlar e’lon qilingan bo‘lsa-da, Yangi yil bayrami kechasida bunday choralar kutilgan samara bermagani qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, senator Bojxona qo‘mitasi raisidan O‘zbekistonga pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq salbiy holatlar nega to‘liq bartaraf etilmayotgani va bu vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani yuzasidan ma’lumot taqdim etishini so‘radi.

Shuningdek, senator qonunchilikda bu borada qanday bo‘shliqlar mavjudligi, qonunbuzarliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar to‘g‘risida ham ma’lumot berishni so‘radi.