Dunyo bo‘ylab nogironligi bo‘lgan shaxslarning tabiiy ofatlardan o‘lim darajasi nogironligi bo‘lmaganlarga qaraganda to‘rt baravar yuqori. Dunyo aholisining 15 foizida qandaydir nogironlik mavjud bo‘lsada, ko‘plab mamlakatlarda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar ularning ehtiyojlarini hisobga olmaydi. O‘zbekiston nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlarini hisobga olganda iqlim o‘zgarishiga moslashishga qanchalik tayyor?

2022-yil noyabr oyida Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot doirasida O‘zbekistonning bir nechta hududlarida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar iqlim o‘zgarishining ularning hayot tarzi, sog‘lig‘i va farovonligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan oqibatlariga tayyor emasligidan xavotir bildirgan edi.

Tadqiqotda Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining oltita qishloq va bir qancha shaharlarida yashovchi 20 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, ushbu toifadagi insonlar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning 40 nafar xodimi ishtirok etdi.

Ushbu tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar iqlim o‘zgarishi oqibatlari oldida qanchalik zaifligini o‘rganishdan iborat. Uning xulosalari Jahon bankining “Iqlim o‘zgarishi va O‘zbekistonda nogironlik inkyuziyasi” hisobotida batafsil bayon etilgan (o‘zbekcha versiyasi quyidagi havolada).

2022-yil aprel oyida Jizzax viloyati qishloqlarida vayronkor sellar oqibatida uylar yer bilan bitta qilgan, infratuzilmaga zarar yetkazgan va besh kishi halok bo‘lgan edi. Jahon banki tadqiqotida ishtirok etgan respondentlar orasida Jizzax viloyatida yashovchi Shahzod (ismi o‘zgartirilgan) ham bor edi, uning qishlog‘i ham mazkur tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan. Jismoniy nuqsonini hisobga olganda, Shahzod kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bunday tabiiy ofatlar paytida uyini zudlik bilan tark etishga to‘g‘ri kelib qolsa, qanday qiyinchiliklarga duch kelishini tasavvur ham qila olmaydi.

Shaxzod qo‘lida plastik quvurlardan yasagan hassasi bilan qishloqning notekis, asfaltlanmagan ko‘chalarida boshqalar yordamidagina yura oladi. Yaqinda sodir bo‘lgan seldan so‘ng u bir hafta kasalxonada yotdi va shunga o‘xshash hodisalarning takrorlanishi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni evakuatsiya qilish uchun yetarli vositalarning yo‘qligi yana unga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar mamlakatning boshqa hududlarida ham shunday holatlarga duch kelishmoqda.

Ijtimoiy izolyatsiya nogironligi bo‘lgan shaxslarni yanada zaifroq qiladi

Dunyoning ko‘plab davlatlari kabi O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan aziyat chekadi. Qurg‘oqchilik, havo haroratining isib ketishi, tartibsiz yog‘ingarchilik, ko‘chkilar, suv tanqisligi va havoning ifloslanishi tez-tez kuzatilib turishi va ularning ta’siri jiddiyroq bo‘lib borishi kutilmoqda. Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi eng katta ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi ham mamlakatning katta qismi uchun salbiy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelmoqda. Ushbu oqibatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Jahon banki tadqiqoti doirasidagi intervyular shuni ko‘rsatdiki, nogironligi bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan ko‘p jihatdan chetda qolib ketgan. Deyarli barcha respondentlar turli omillar, jumladan, ijtimoiy kamsitish, harakatlanish uchun yordamchi qurilmalarning yo‘qligi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishini osonlashtiradigan jamoat infratuzilmasining yo‘qligi sababli o‘z uylarida izolyatsiyada yashashga majbur. Shunday qilib, bularning barchasi ularning oilasidan tashqaridagi odamlar bilan o‘zaro munosabatga kirishishlarini cheklaydi, shuningdek, табиий ofatlar paytida nogironligi bo‘lgan shaxslarni samarali evakuatsiya qilish uchun to‘siq bo‘ladi.

Shuningdek, respondentlarning aksariyati mahalliy hokimiyat organlari yig‘ilishlarida qatnashish imkoniyati yo‘qligini ta’kidladi. Siyosiy jarayonlarda ishtirok etmaslik qisman ularning atrofidagi makon bilan bog‘liq. Shunday qilib, qishloq mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi tadqiqot davomida o‘rganilgan binolarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun zarur infratuzilma mavjud emasligi aniqlandi. Ushbu binolarga kirish joylarida tutqichsiz va pandussiz tik zinapoyalar bo‘lgan, bu esa nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ushbu binolarga kirishini imkonsiz qilib qo‘yadi. Shunday qilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni muhokama qilishda, shu jumladan mahalliy darajada fuqarolarning ushbu guruhi uchun sharoitlarni yaxshilashda ishtirok eta olmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga qo‘shmaslik iqlim o‘zgarishi sharoitida xavflarni oshiradi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy va siyosiy hayotdan chetlashtirilishi iqlim o‘zgarishi sharoitida ularga nisbatan xavflarni oshiradi. Masalan, asosiy tibbiy xizmatlar va yordamchi reabilitatsiya vositalaridan, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimidan foydalanishdagi mavjud to‘siqlar tufayli. Favqulodda vaziyatlarda odamlarning sog‘lig‘i va ijtimoiy yordamga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishi sababli, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofatlar paytida bu qiyinchiliklar yanada jiddiyroq bo‘lishi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning cheklangan maqomi ularni ijtimoiy tarmoqlarda va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatida faol ishtirok etishdan, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar, shu jumladan fuqarolarning ushbu guruhining ehtiyojlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan mahalliy qarorlarni qabul qilishda shu jumladan tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni bartaraf etish jarayonlarida, ularning ovozini bo‘g‘ib qo‘yadi. So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, zarur tibbiy xizmatlar, yordamchi vositalar, nogironlik bo‘yicha nafaqa va pensiyalarni olish uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni qayd etdilar.

Bunday qiyinchiliklar, ayniqsa, qishloqlar viloyat markazlaridan uzoqda joylashgan, jamoat transporti xizmatlari cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirilmagan O‘zbekiston qishloq joylarida tez-tez yuzaga keladi. Shunday qilib, respondentlardan biri, umurtqa pog‘onasi shikastlangan ayol, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganida, mahalliy hokimiyat unga tegishli yordam ko‘rsatmaganligini ta’kidladi.

Tabiiy ofatlarni boshqarishdagi muammolar

Tadqiqot davomida respondentlar ushbu toifadagi fuqarolarning ehtiyojlari hisobga olinmagan tabiiy ofatlarni boshqarish tizimidan xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Shunday qilib, harakatlanish imkoniyati cheklangan intervyu ishtirokchilari tabiiy ofatlar paytida aholini evakuatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan yo‘llarning holati yomon ekanligini qayd etdilar.

Shu bilan birga, ko‘rish va eshitish qobiliyatida nuqsoni bor respondentlar favqulodda ogohlantirish xabarlariga, shu jumladan televideniye orqali, yetarlicha tayana olmasligini ta’kidladilar, chunki ko‘pincha mahalliy teleko‘rsatuvlarda imo-ishora tilidan tarjima mavjud emas. Shu sababli, ular tegishli voqealar haqida xabardor qilishlari mumkin bo‘lgan boshqa odamlarga tayanishga majbur. Biroq, hamma vaqt ham tabiiy ofatlar vaqtida bunday yordam mumkin bo‘lmasligi mumkinligi xavfi mavjud.

Iqlim o‘zgarishiga moslashishni yanada inklyuzivroq qilish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar

O‘zbekistondagi vaziyat boshqa davlatlardagidan ajralib turmaydi. Jahon banki tadqiqoti natijalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boshqarmasining 2023-yilgi global onlayn so‘rovnomasi natijalariga mos keladi. Butun dunyo bo‘ylab nogironligi bo‘lgan shaxslarning atigi 8 foizi tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha mahalliy rejalar ushbu guruh vakillarining maxsus ehtiyojlarini hisobga olishini ta’kidlagan. 86 foiz ishtirokchilar mahalliy darajada tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror qabul qilish va rejalashtirishda ishtirok etmaganliklarini ma’lum qilishgan.

Yuqorida qayd etilgan muammolarning ayrimlarini jismoniy infratuzilmani rivojlantirishga sarmoya kiritish va uni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish orqali hal qilish mumkin. Boshqa masalalar kommunikatsiya tizimini isloh qilish yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlarini hisobga olgan holda favqulodda xizmatlarni yanada tizimli rejalashtirishni talab qiladi.

O‘zbekiston hukumati nogironligi bo‘lgan shaxslarning tabiiy ofatlar xavfini boshqarishni rejalashtirish jarayonlarida ishtirokini yaxshilash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu, jumladan, zarur me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish bo‘yicha harakatlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, 2021-yil iyun oyida BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi, 2021-yil yanvar oyidan kuchga kirgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarni iqlim o‘zgarishi ta’siri bilan bog‘liq rejalashtirish va xavflarni boshqarish jarayonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv va qulay ishtirokini ta’minlashga majbur qiladi. Jahon banki tadqiqoti ushbu maqsadga erishishga yordam beradigan, shuningdek, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqlim o‘zgarishi oqibatlari oldida zaifligini kamaytirishga yordam beradigan bir qator chora-tadbirlarni tavsiya qiladi.

Xususan, mualliflar rasmiylarga quyidagi chora-tadbirlarni qabul qilishni tavsiya qiladi:

  • Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatida, ayniqsa, eng chekka qishloqlarda, ishtirok etishidan boshlab, oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga, joylarda qarorlar qabul qilishning barcha jarayonlariga keng jalb etish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini tartibga solish muhim ahamiyatga ega;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ayniqsa iqlim o‘zgarishi sababli favqulodda vaziyatlarda asosiy tibbiy xizmatlar va reabilitatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilash;
  • Iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning turli ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam hajmini oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi qamrovini kengaytirish (moslashuvchan ijtimoiy himoya);
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob berish bo‘yicha ko‘rsatmalarni qayta ko‘rib chiqish. Bu fuqarolarning ushbu guruhi uchun shoshilinch ishonch telefonlari, evakuatsiya punktlari, vaqtinchalik uy-joy va tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlarni o‘z ichiga olishi mumkin;
  • Ushbu sohadagi islohotlarni rejalashtirish, javob berish va ishlab chiqish uchun nogironlik bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va darajasini oshirish.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning tashkilotlari ishtirokida iqlim o‘zgarishining sabablari va oqibatlari, shuningdek, moslashish yo‘llari haqida jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalarini tashkil etish.

Tadqiqot natijalari va tavsiyalari bilan Jahon bankining rus va o‘zbek tillaridagi hisobotida batafsil o‘qishingiz mumkin.

Adam Auerbax, Odri Saks va Dilmurod Yusupov.