Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Xitoyning DongFeng bosh direktori Van Pen bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda jamoat transporti tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, harakat tarkibini zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar bilan yangilashga bo‘lgan talab va ehtiyoj yuzasidan fikr almashilgan.

Xususan, DongFeng Special Car kompaniyasi Farg‘ona viloyati Furqat tumanida 2 bosqichda, umumiy qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan, yiliga 1000 dona elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirgan.

elektrobus
Foto: Transport vazirligi

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlariga fevral oyida start beriladi. Dastlabki, elektrobuslar yilning III choragida ishlab chiqarila boshlaydi va ular butun O‘zbekiston bo‘ylab jamoat transportini yaxshilash uchun foydalaniladi.

Shuningdek, Andijon viloyati rahbari Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda Lanzhou Guangtong New Energy Automobile kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qilmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tomonlar 100 mln dollarlik ikki tomonlama memorandum imzolagan. Bu viloyatda yillik quvvati 2000 ta elektroavtobus ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirish imkonini beradi.

elektrobus
Foto: Andijon viloyati hokimligi

Shuhrat Abdurahmonov Xitoy safari davomida o‘zaro kelishuv imzolangan barcha hamkorlarni Andijonga taklif etgan va ular yanvar oyida kelishi kutilmoqda.

Hokimlik matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga bildirishicha, mazkur tashrif davomida investorlarga elektrobus ishlab chiqarish uchun bir necha hududlar taklif qilinadi. Asosan, chekka hududlardan joy ajratiladi, shu orqali u yerlarda infrastrukturani yaxshilash ko‘zda tutilgan.