Parvoz vaqtida Boeing 737 MAX 9 samolyotidagi favqulodda eshikning bir qismi ajralib tushganidan keyin AQSh, Yevropa va Turkiyada shu turdagi samolyot rusumidan foydalanish vaqtincha to‘xtatildi.

6-yanvar kuni Alaska Airlines aviakompaniyasining Portlenddan Ontarioga (Kaliforniya) uchayotgan Boeing 737 MAX 9 yo‘lovchi samolyoti eshigining shikastlanishi sababli zudlik bilan aeroportga qaytishga majbur bo‘ldi. Samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, yon tomondagi qoplamaning bir qismi yirtilib ketdi va salondagi havo bosimi pasaya boshladi. Bortda 171 yo‘lovchi va olti ekipaj a’zosi bo‘lgan. Bir necha yo‘lovchi jarohatlangan. Samolyotdan atigi sakkiz hafta foydalanilgandi.

AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) xavfsizlik masalalarini tekshirish maqsadida mamlakatdagi shu rusumdagi 171 ta samolyotdan foydalanmay turishni buyurdi, deb yozdi CBS. Ularning har birini tekshirish uchun to‘rt soatdan sakkiz soatgacha vaqt ketadi.

Boeing FAA qarorini qo‘llab-quvvatladi va regulyatorlar bilan hamkorlik qilishini bildirdi. “Xavfsizlik bizning ustuvor vazifamizdir va biz ushbu voqea mijozlarimiz hamda ularning yo‘lovchilariga zarar yetkazganidan chuqur afsusdamiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) FAA ko‘rsatmasini qabul qildi, biroq hozirda Yevropa aviakompaniyalari ushbu rusumdagi samolyotlardan foydalanmayotganini ta’kidladi, deb xabar beradi Reuters. Buyuk Britaniya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAA) Boeing 737 MAX 9 samolyotlaridan foydalanadigan barcha aviakompaniyalardan mamlakat havo hududiga kirishda FAA ko‘rsatmalariga rioya qilishni talab qilishini aytdi, deb yozdi BBC.

Bundan tashqari, Turkish Airlines ham MAX 9`dan foydalanish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Kompaniya ushbu samolyotlarni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish niyatida. “Hodisani texnik ko‘rib chiqish jarayoni tugab, rasmiylar tomonidan talab qilingan choralar ko‘rilgunga qadar Turkish Airlines o‘ziga tegishli beshta Boeing 737 MAX 9 samolyotidan foydalanmaslikka qaror qildi”, — dedi aviakompaniya vitse-prezidenti Yaxya Ustyun.

  • Boeing 737 MAX 9`dagi ilk parvoz 2017-yilning may oyida amalga oshirilgan.
  • 2018-yil oktabr oyida Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga tegishli 737 MAX samolyoti havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay dengizga qulab tushishi oqibatida 189 kishi halok bo‘lgan.
  • 2019-yilning mart oyida Ethiopian Airlines samolyoti qulab, 157 kishi halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng dunyo bo‘ylab 737 MAX reyslari to‘xtatildi.
  • 2020-yilda FAA yana parvozlarga ruxsat bergan. Boeing AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuv doirasida samolyotining ikki marta halokatga uchragani bo‘yicha 2,5 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan.