Qattiq maishiy chiqindilarni (QMCH) olib ketish xizmati katta operatsiyalarni bajarish uchun qarzni to‘lash kerak bo‘lgan kommunal to‘lovlar ro‘yxatiga kiritilmoqda. Bu taklif prezidentning 4-yanvardagi farmoni bilan ma’qullangan (“Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud).

Jumladan, O‘zbekistonda 2024-yilning aprel oyidan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar chiqindini olib ketish xizmatlari uchun qarzdorlik bo‘lmagan taqdirdagina notarial tasdiqlanadi. Qarzning mavjudligi yoki yo‘qligi QMCHlarni to‘plash va olib chiqish uchun majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi orqali onlayn tarzda tekshiriladi.

Tizimning uzluksiz ishlashiga Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi mas’ul bo‘ladi. Chiqindilarni utilizatsiya qilish xizmatlari va abonent hisobi uchun to‘lovlar faqat markazning billing tizimi, to‘lov tizimlari yoki bank kassa apparatlari orqali amalga oshiriladi.

Shu kundan boshlab barcha sanitariya tozalash korxonalari fuqarolarga yagona elektron tizimga ulangan holda xizmat ko‘rsatishi shart. Aks holda, ular bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi, ular xizmat ko‘rsatgan hududlar esa davlat-xususiy sherikchilik asosida boshqa korxonalarga beriladi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda 2024-yilning 1-iyunidan chiqindi xizmatidan qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklash boshlanadi. Tartib avvaliga Toshkent shahri, Nukus va viloyatlar markazlarida, keyin esa butun respublika bo‘ylab amal qiladi.

Billing tizimlari va QMCH xizmatlari to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishni texnik qo‘llab-quvvatlash uchun chiqindi tarifi bo‘yicha tushgan mablag‘larning 1 foizi “Hududiy elektr tarmoqlari” va Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi hisobiga o‘tkaziladi.