AQSh prezidenti Jo Bayden 2024-yilgi saylovoldi tashviqotidagi birinchi nutqida bo‘lajak prezidentlik saylovidagi ehtimoliy raqibi Donald Trampni Amerika demokratiyasiga asosiy tahdid deb atadi.

Baydenning, Amerika OAV ta’rifi bo‘yicha, keskin nutqi Kapitoliyga qilingan hujumning uch yilligi arafasida bo‘lib o‘tdi. Tramp bu ishlarga aloqadorlikda ayblanadi.

“Bugun biz eng muhim savollarga javob berish uchun shu yerdamiz. Demokratiya Amerikaning muqaddas missiyasi bo‘lishda davom etadimi — bu zamonamizning eng dolzarb savoli. 2024-yilgi saylovning asosiy vazifasi bunga javob topishdir”, — dedi Bayden o‘zining hissiyotlarga boy nutqida.

“Amerika, biz saylov yiliga qadam qo‘ymoqdamiz va aniq tushunishimiz kerak: saylov byulletenida demokratiya xavf ostida turibdi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh rahbari.

Bayden Trampni Amerika boshqaruviga putur yetkazish, jumladan, 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishda aybladi. Shuningdek, AQSh rahbari Tramp saylangan taqdirda siyosiy raqiblaridan “qasos olishni” va’da qilgani hamda avtoritar rahbarlar va diktatorlarga havas qilishini ta’kidladi.

“Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi uning o‘zi haqida. Amerika yoki siz haqingizda emas. U kelajak haqida emas, o‘tmish haqida qayg‘uradi. U hokimiyatga erishish uchun demokratiyamizni qurbon qilishga tayyor”, — dedi Bayden.

U o‘z nutqida, shuningdek, 2021-yil 6-yanvarda sodir bo‘lgan Kapitoliyga hujum haqida gapirib, Trampni saylovda firibgarlik yuz bergani haqidagi yolg‘on da’volari bilan olomon hujumiga sabab bo‘lganlikda bevosita aybladi. Baydenning ta’kidlashicha, Tramp “6-yanvar faktlarini qayta yozishga” harakat qilmoqda, ammo “biz hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz”.

“Trampning olomoni tinch namoyish uchun emas, balki zo‘ravonlik qilish uchun yig‘ilgandi, — dedi Bayden. — Ular vatanparvar emas, isyonchilar edi. Ular Kapitoliyga Konstitutsiyani himoya qilish uchun emas, balki uni buzish uchun yig‘ilgandi”.

“Hammamiz Donald Trampning kimligini bilamiz. Biz javob berishimiz kerak bo‘lgan savol: biz kimmiz? Asosiy masala shu… Tariximizda boshdan kechirgan barcha voqealardan so‘ng — mustaqillikdan tortib, fuqarolar urushigacha, ikkita jahon urushidan pandemiya va qo‘zg‘olonlargacha — 2024-yilda amerikaliklar bizni dunyodagi eng buyuk millat qilib turgan narsa — ozodlikdan voz kechib ketishga qaror qilishiga ishonmayman”, — deya Bayden nutqini yakunladi.

O‘sha kuni Ayova shtatida o‘z tarafdorlari bilan uchrashgan Tramp Baydenning nutqini “ta’sirli, qo‘rquv uyg‘otuvchi targ‘ibot tadbiri” deb atadi va amaldagi prezidentni hech qanday dalil keltirmasdan, huquq-tartibot tizimidan raqiblariga hujum qilish uchun foydalanishda aybladi, deb yozdi The New York Times.

“Ular hukumatni qurollantirdi, u [Bayden] esa meni demokratiyaga tahdid deb atamoqda”, — dedi Tramp.