Turkiyada o‘tgan yilning fevral oyida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida binolarning qulashi bilan bog‘liq birinchi yirik jinoiy sud jarayoni boshlandi, deb xabar bermoqda BBC.

Sudda Turkiya janubi-sharqida joylashgan Adiyaman shahridagi Isias Grand mehmonxonasi qurilishi jarayonida me’yoriy qoidalarni buzganlikda ayblanayotgan 11 kishining ishi ko‘rib chiqiladi. Ular orasida mehmonxona egasi ham bor.

Zilzila vaqtida mehmonxonada Adiyamanga turnirda ishtirok etish uchun kelgan maktab voleybol jamoasi va mashg‘ulotlar uchun kelgan turistik gidlar guruhi bo‘lgan. Bino qulashi oqibatida 72 kishi halok bo‘lgandi, ulardan 35 nafari — voleybol jamoasi a’zolari, jumladan, 24 nafar bola, ularning ota-onalari va murabbiylari edi, deya aniqlik kiritdi The Guardian.

Isias Grand Adiyamandagi eng mashhur mehmonxonalardan biri sifatida 2001-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan edi. U “bir necha soniya ichida” qulab tushdi, deb ta’kidlaydi BBC. Ekspertiza shuni ko‘rsatdiki, bino ustunlari qurilishida shag‘al va qumga boshqa qurilish materiallari aralashtirilgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, 2016-yilda binoga zarur ruxsatnomalarsiz qo‘shimcha qavatlar qurilgan.

“Ular mehmonxona emas, ommaviy qabr qurgan, — degan BBC`ga halok bo‘lgan o‘quvchi qizlardan birining onasi. — Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan mehmonxonada ko‘plab tekshiruvlardan o‘tkazilib, to‘rtta yulduz bilan taqdirlangan. Keyin esa u qulab tushdi va 72 kishi halok bo‘ldi. Bu ishda aybdor bo‘lganlar jazolanishi kerak”.

Boshqa qurbonlarning yaqinlari ham suddan ayblanuvchiga nisbatan qattiq jazo tayinlashni talab qilmoqda. Agar aybdor deb topilsa, ular 2 yilu 8 oydan 22 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

  • 6-fevral kuni Turkiyada 7,7 magnitudali, so‘nggi 100 yil ichidagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘lgandi. 44 mingdan ortiq odam qurbon bo‘lgan, yuz minglab binolar qulagan.
  • Turkiya hukumati qulagan binolarni qurishda u yoki bu tarzda ishtirok etgan 612 kishiga nisbatan jinoiy ish ochdi. 200 ga yaqin odam, jumladan, qurilish pudratchilari, nazoratchilar va boshqalar hibsga olingan.
  • BBC`ning ta’kidlashicha, vayronalar ko‘lami tufayli Turkiya hukumati jamoatchilikning keskin tanqidlariga uchragan. Fuqarolar hukumat me’yorlarga rioya qilmagan holda olib borilgan ushbu qurilish bumini rag‘batlantirganiga ishonadi.