O‘zbekistonda endi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan qarzi bor shaxs, elektr energiyasi uchun pul to‘lolmaydi. Bu norma O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 4-yanvarda imzolangan “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta‘sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi [PF-5-sonli] farmonida belgilangan.

Unga ko‘ra, chiqindi xizmatlari uchun oylik to’lovlardan qarzdorligi bo’lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib boriladi.

Shuningdek, qarzdorlik vujudga kelganligi to’g‘risida oldindan elektron to’lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to’lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo’yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to’lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy etiladi (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno). Bunda:

1-bosqichda 2024-yilning 1-iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;

2-bosqichda 2024-yilning 1-noyabridan respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;

3-bosqichda 2025-yilning 1-yanvaridan e‘tiboran respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni amalga oshirishda cheklovlar o‘rnatiladi.

“Oddiy aytganda, axlat uchun pul to‘lamagan qorong‘ida o‘tiradi”, — deya tushuntirdi Energetika vazirligi matbuot kotibi.

Ushbu cheklovlar 2023-yil 31-dekabrgacha to‘plangan qarzlarga ta‘sir qilmaydi.