Energetika vazirligi quvvat chegarasiga yetganda elektrni avtomatik ravishda o‘chirish ishlari bo‘yicha jarayonni takomillashtirmoqda. Bu haqda vazirlik “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-noyabrdan elektr energiyasiga hisoblagich orqali 10−15 kV quvvat doirasida cheklov joriy etilgandi. Chegaradan oshib ketganda “aqlli” hisoblagichlar avtomatik ravishda tarmoqdan uzadi.

Sovuq havo boshlanishi va havo haroratining keskin pasayishi bilan Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlari aholisi hisoblagich orqali elektr energiyasidan uzilishga duch keldi. Poytaxtda -20 darajagacha bo‘lgan keskin sovuq va iste’molning eng yuqori cho‘qqisiga chiqish vaqtida 28 ming iste’molchi tarmoqdan uzilgan.

Energetika vazirligining ta’kidlashicha, o‘sha kuni Toshkent elektr tarmog‘ida 3 ta avariya sodir bo‘lgan, biroq aholining noroziligi fonida limit olib tashlanganidan so‘ng ertasiga avariyalar soni 18 taga yetgan. Vazirlik elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalar belgilangan quvvatdan ortiq yuklarga bardosh bera olmasligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, vazirlik qayta ishga tushirish bilan bog‘liq hisoblagichlar dasturida texnik xatolarga yo‘l qo‘ygan. “Dasturiy ta’minot ustida hozirda ish olib borilmoqda”, — deb ta’kidladi Energetika vazirligi.

Vazirlik matbuot kotibi Xasan Toshxo‘jayev 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning o‘zida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerakligini qayd etgan.

Unga ko‘ra, 3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning iste’mol hajmi, nari borsa, 1,5−2 kVt soat bo‘lishi mumkin.

“Shunday ekan, 98 foiz aholining xavotir olishiga mutlaqo o‘rin yo‘q”, — degandi Toshxo‘jayev.