“Gazeta.uz” O‘zbekistonning chekka hududlaridagi maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalariga transport harakati tashkil etilmasligi haqida payshanba kuni xabar e’lon qildi. Prezidentning 29-dekabrdagi farmoni bilan ushbu band 2022−2026-yillarda yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasidan chiqarib tashlangandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ushbu xabarga javoban “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilganini bildirdi.

2024-yilda, strategiyani 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, bepul avtobuslar bilan ta’minlangan maktablar soni 100 ta bo‘lishi kerak.

Strategiyada maktabgacha ta’lim muassasalarini avtobuslar bilan ta’minlash haqida so‘z yuritilmagan.

Hujjat islohotlar uzviyligini ta’minlash, shunindek, avval belgilangan maqsadlarni ta’minlashni nazarda tutadi.

“Gazeta.uz” noaniqlik uchun uzr so‘raydi.

O‘tgan yilning yozida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida Nukusda saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston chekka qishloqlardan bolalarni tashish uchun maktab avtobuslari joriy qilinadigan birinchi hudud bo‘lishini aytgandi.

2021-yilda YUNISEF va IIV YHXBB maktablar yaqinidagi yo‘llar xavfsizligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazgan. Aksariyat respondentlarning (Toshkentda — 60 foiz) maktabga olib boruvchi yo‘llarni xavfsiz emas deb hisoblashi ma’lum bo‘lgan. O‘quvchilarning katta qismi maktabga piyoda boradi.

Normal jamoat transporti yo‘lga qo‘yilmagani va o‘z avtobuslari va mikroavtobuslari yo‘qligi sababli hududlardagi maktab va bog‘chalarga bolalarni tashishda ko‘pincha Damas va yengil avtomashinalardan foydalaniladi. Ba’zi haydovchilar ularga 20 dan ortiq bolani sig‘dira olgan.