2024-yil 1-apreldan tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchilar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga, shuningdek, energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi. Buni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar qonun hujjatlariga Soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan 28-dekabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan kiritildi.

Hujjatga ko‘ra:

  • tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan gazlangan ichimliklarga (energetik va tonik ichimliklar bundan mustasno) litriga 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilanadi;
  • ️energetik va tonik ichimliklar litri uchun esa 2000 so‘m.

Ushbu norma “Gazeta.uz” noyabr oyida o‘rgangan qonun loyihasida ham mavjud edi. Qayd etilishicha, bu to‘lovni ortiqcha iste’mol qilish natijasida kasalliklar, jumladan, qandli diabet kabi kasalliklarning ko‘payishini hisobga olgan holda joriy etish taklif etilgan. Bunday soliq 50 dan ortiq mamlakatlarda (Fransiya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqalarda) mavjud. Aksiz solig‘idan tushgan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Kontekst

Taklif etilayotgan normani muhokama qilish maqsadida 20-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov va Elmira Bositxonova boshchiligidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari hamda ichimlik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. O‘sha kuni bo‘lib o‘tgan muhokamalarni Spot batafsil yoritdi.

Uchrashuvda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari energetik ichimliklar dastlab sportchilar uchun mo‘ljallanganini ta’kidlagan. Hozirgi kunda energetik ichimliklar yoshlar va yosh bolalar, xususan 25 yoshgacha bo‘lgan va ongli qaror qabul qila olmaydigan odamlar orasida reklama qilinmoqda. Aytilishicha, oqibatda bu yoshlarning bunday ichimliklarga o‘rganib qolishiga olib kelib, ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

“Eng muhimi, energetik ichimliklar iste’molining zararli ta’sirining oldini olish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ortiqcha iste’molni va ichimlikni olish imkoniyatini kamaytirish uchun [shakarli alkogolsiz ichimliklarga] aksiz solig‘ini qo‘llashni tavsiya qiladi”, — degan Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi.

Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Alfiya Musinaning O‘zbekistonda energetik va gazlangan ichimliklarning salbiy ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar haqidagi savoliga vazirlik xodimi Sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatdagi muammoni o‘rganib chiqishga yetarlicha vaqt bo‘lmaganini qayd etib, JSST tomonidan yig‘ilgan xalqaro tajriba mavjudligini, bunga qo‘shimcha isbot shart emasligini ta’kidlagan.

Sog‘liqni saqlash va strategik rivojlanish instituti direktori Nodira Alixonovaning aytishicha, aksiz solig‘ining joriy etilishi aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ovqatlanishni muvozanatlashtirishning bir yo‘li xolos.

“Tadqiqot o‘tkazish, ayniqsa, ko‘plab respondentlarni qamrab olgan epidemiologik tadqiqotlar juda qimmat bo‘lib, bir tomondan, har bir mamlakat ham bunga qodir emas. Boshqa tomondan, nima uchun mazkur tadqiqotlarni takrorlashimiz kerakligi umuman tushunarsiz. Dunyoda bunday tadqiqotlar shunchalik ko‘pki, menimcha, bu narsa allaqachon haqiqat sifatida yozib bo‘lingan”, — degan u.

Biznes vakillari qandli diabet va semirishga qarshi kurashishda faqat gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilib, tarkibida shakar mavjud bo‘lgan boshqa mahsulotlar e’tibordan chetda qoldirilayotgani tufayli yuz berayotgan diskriminatsiyaga qarshi chiqdi. Ular aholi salomatligini mustahkamlashga kompleks va tizimli yondashish zarurligini ta’kidladi, chunki aksiz solig‘ini joriy etish JSST tomonidan tavsiya etilgan 20 ta chora-tadbirdan biri hisoblanadi.

Gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilar rivojlangan mamlakatlarda cheklov choralari joriy etilishidan oldin qator tadqiqotlar olib borilib, sanoat vakillari bilan uchrashuvlarda muammo muhokama qilinishini ta’kidlagan. Masalan, biznes vakillari aksiz solig‘i joriy etilishi haqida Oliy Majlisda 2024-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganidagina xabar topdi. Qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilinmadi.

Tadqiqotlarning qimmatligi tufayli xususiy sektor Euromonitor kompaniyasining O‘zbekistonda qadoqlangan mahsulotlarni iste’mol qilish bo‘yicha tadqiqoti natijalarini sotib olgani va taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Biroq, Elmira Bositxonova mutaxassislar ishlab chiqaruvchilar xohlagan gaplarni aytishini ta’kidlab, taklifni rad etgan.

Coca-Cola mahalliy kompaniyasining moliyaviy direktori Sayed Adil Jafrining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya investitsiyalarni 3−4 yil oldindan rejalashtiradi. Xususan, hozir Samarqand va Namangandagi zavodlar qurilishiga sarmoya kiritilmoqda. Qo‘shimcha soliqlarning joriy etilishi xarajatlarga ta’sir qilib, narxlarni oshirishga to‘g‘ri keladi, bu esa sotuv hajmini kamaytiradi va umuman biznesga salbiy ta’sir qiladi.

“Bunday vaziyatda … biz balki Samarqand va Namanganga sarmoya kiritmasligimiz kerakdir? Biz keyingi uch yilda deyarli 200 mln dollar sarmoya kiritamiz, so‘nggi uch yilda esa 150 mln dollar sarmoya kiritganmiz. Bunday vaziyatda tadbirkor sifatida rejalarimizni qayta ko‘rib chiqishga majburmiz”, — degan u.

Sayed Adil Jafri bitta sohani diskriminatsiya qilmaslikka, balki bu chorani shakar iste’molining barcha manbalariga tatbiq etishga chaqirgan.

Bositxonova vazirlik pozitsiyasini 108 ta davlatda joriy etilgan aksiz solig‘i va gazlangan ichimliklarning televizordagi agressiv reklamasi bo‘yicha JSST tavsiyasi bilan izohlagan. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligining bir mutaxassisidan tashqari barcha vakillari vazir bilan uchrashuv sabab, yig‘ilishni tark etdi, deb yozadi Spot.

PepsiCo Bottler in Uzbekistan`ning innovatsiyalar bo‘yicha direktori Muzaffar Solijonovning aytishicha, PepsiCo va Coca-Cola`ning 2026-yilgacha bo‘lgan sarmoyalari miqdori kamida 150 mln dollarni, besh yillik muddatda esa 250 mln dollarni tashkil etadi.

“Biz hozir ikkita zavod qurilishiga [investitsiyalarni] to‘xtatib qo‘ydik, shu sababdan, buning [gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishining] iqtisodiy tomonini ko‘rib chiqishimiz kerak. budjetga qancha zarar yetkaziladi? Bularning barchasini hisoblashimiz kerak. Eng muhimi, ishlab chiqarishni kamaytirsak, ishsizlik muammosi yuzaga keladi. Biz odamlarning salomatligini yaxshilash haqida o‘ylaymiz, lekin ularni ishsiz qoldiramiz”, — deya qayd etgan Solijonov.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ishlab chiqaruvchilarni shakar miqdori kam bo‘lgan ichimliklar ishlab chiqarishga rag‘batlantirish uchun shakar miqdoriga qarab tabaqalashtirilgan aksiz solig‘i joriy etilishi zarurligini tan olgan. U gazli ichimliklar uchun aksiz solig‘iga differensial yondashuvni joriy etish masalasini ko‘rib chiqishga va taklifni biznes bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirgan, biroq soliq mahsulotdagi shakar miqdoridan qa’iy nazar qo‘llanilishda davom etishini yoqlagan.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, majlis bo‘lib o‘tgan vaqtgacha, aniqrog‘i 15-dekabrda gazli ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etish bo‘yicha o‘zgartirishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi, Senat esa mazkur hujjatni bevosita majlis kuni — 20-dekabrda ma’qullagandi.