Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti yuqori rivojlanish sur’atlarini saqlab qolish imkoniyatiga ega. Biroq ular bir qator tashqi omillarga bog‘liq, deyiladi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi hisobotida.

2023-yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot o‘sishi 4,8 foizgacha yetishi kutilmoqda. Tashkilot tahlilchilari avvalgi prognozlarini qayta ko‘rib chiqib, 0,8 foizga yaxshilagan, bunga asosan Qozog‘istondagi yaxshiroq sharoit tufayli yalpi ichki mahsulotning ko‘proq o‘sishi ta’sir qiladi.

O‘zbekiston uchun kuzgi prognoz o‘z kuchida qoldirilgan. 2023-yilda o‘sish o‘tgan yilga nisbatan biroz pasayadi va 5,5 foizni tashkil qiladi, keyinroq esa biroz ko‘tariladi.

Qirg‘iziston va Tojikistonda iqtisodiy tiklanish katta ehtimol bilan sekinlashadi yoki hozirgi darajada qoladi. Bu mamlakatlardagi iste’mol darajasiga Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalarining qisqarishi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilar 2024−2025-yillarda mintaqa iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sishi 4,7 foiz darajasida bo‘lishini kutmoqda. Ammo bu ko‘rsatkichga erishish uchun inflyatsiya sekinlashishi, shuningdek, tashqi bozorlarda ijobiy kon’yunkturalar saqlab qolishi lozim.

Jahon iqtisodiyotidagi retsessiya davom etishi va xomashyo narxining pasayishi Rossiyadan pul o‘tkazmalarining yanada qisqarishi bilan birgalikda asosiy risklardan hisoblanadi. Bundan tashqari, sanksiyalarga amal qilish bo‘yicha nazoratning kuchayishi mintaqaviy savdoni beqarorlashtirishi mumkin.

Mutaxassislar Markaziy Osiyoda o‘sishni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan yana bir omil sifatida Rossiya iqtisodiyotining uzoq davom etuvchi va sekin tiklanish jarayonini ko‘rmoqda. Bunday holatda transchegaraviy pul o‘tkazmalarining qisqarishi ham kuchayishi mumkin.

Mintaqa davlatlarining uzoq muddatli istiqbolda rivojlanishi iqlim o‘zgarishi oqibatlariga juda bog‘liq, deya ta’kidlagan Jahon banki. Yalpi ichki mahsulot tarkibida suvni ko‘p talab qiluvchi qishloq xo‘jaligi va gidroenergetikaning ustunligi hisobga olinsa, suvdan foydalanish masalasi oldingi planga chiqadi.

Mintaqa iqtisodiyoti yog‘ingarchilik va yerosti suvlari darajasining o‘zgarishiga tobora ko‘proq sezgir bo‘lib bormoqda. Yanada ekologik iqtisodiyotga o‘tishning lokomotiviga aylanishi mumkin bo‘lgan xususiy sektor ko‘plab mamlakatlarda rivojlanmagan.

Jahon bankining qayd etishicha, davlat sektori iqtisodiyotda hamon haddan tashqari ko‘p rol o‘ynamoqda. Shu bilan birga, ekspertlar “O‘zbekiston 2030” strategiyasini ortga surib bo‘lmaydigan tarkibiy islohotlar zarurligini anglash namunasi sifatida alohida qayd etgan.

Garchi bundan oldin pasayish davom etishi taxmin qilingan bo‘lsa ham, Rossiyada yil oxiriga kelib yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 1,6 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Biroq quvvatlar yetishmasligi, mehnat bozoridagi taqchillik va texnologiyalardan foydalanish imkoniyati cheklanganligi sababli o‘sish surati kelajakda 1,1 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

YeMO submintaqalaridan Turkiya (4,2 foiz) va Janubiy Kavkaz (3,3 foiz) bu yil Markaziy Osiyodan keyin eng yuqori o‘sish sur’atlariga ega bo‘lishi kutilmoqda. Kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichlar Kavkaz va G‘arbiy Bolqonda (3,3 foiz) eng yuqori bo‘lishi prognoz qilingan.