Shavkat Mirziyoyevning 21-dekabrdagi farmoni bilan “mahalla yettiligi” a’zolarining vazifalari belgilab berildi. sentabr oyida davlat rahbari “mahalla beshligi” “yettilik”ka aylantirilishini e’lon qilar ekan, bu tizim “eshituvchi davlat” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida yaratilganini ta’kidlagandi.

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ijro apparatida besh shtat birligidan iborat “mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi.

“Yettilik” tarkibiga mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiradi.

“Yettilik” a’zolarining vazifalari

Mahalla raisi

  1. Mahalla obodligini ta’minlash, shu jumladan, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlari ekish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish (har oyda bir marotaba mahalladagi barcha ko‘chalarda ommaviy hashar uyushtiradi, kamida 2 ta ehtiyojmand oilaning ta’mirtalab xonadonida qo‘ni-qo‘shnilarni jalb etgan holda hashar tashkil etadi).
  2. Milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni targ‘ib qilish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, to‘y-marosimlar isrofgarchiliklarsiz, ixcham o‘tkazilishini ta’minlash (har chorakda bir marotaba madaniyat xodimlari, yozuvchi va shoirlarning aholi bilan milliy qadriyatlar va urf-odatlarni saqlash, to‘y-marosimlarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha uchrashuvlari tashkil etilishini ta’minlaydi).
  3. Mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini aholi muammolarini hal etishga safarbar etish va muammolarga yechim topishini ta’minlash (fuqarolar yig‘inining kengashida har oyda kamida 5 ta mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarining mahallada amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborotini eshitib, muammolarni hal etishda ko‘maklashadi).
  4. Mahallada faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodim faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, mahallani har tomonlama rivojlantirishda ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish (har haftada mahalladagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodimlar hisobotini eshitadi va ularning har biri har oyda kamida 10 tadan muammoli masalalar hal etishini nazoratga oladi).
  5. Mahalla hududida qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, shu jumladan, ta’lim, tibbiy xizmat, sport, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish (har haftada bir marotaba mahalla hududidagi ta’lim tashkilotida o‘quvchilarning davomati, oilaviy poliklinikalarda (qishloq vrachlik punktlarida) aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat va patronaj hamshiralarining oilalarga tashrifi, sport tashkilotlarining aholi uchun ochiqligi, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari atrofining tozaligi hamda daraxtlarni parvarishlash holatini o‘rganadi).

Mahalladagi hokim yordamchisi

  1. Doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish (har oyda kamida 10 nafar ishsizning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash chorasini ko‘radi).
  2. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratilishida ko‘maklashish (har chorakda bir marotaba kredit yoki subsidiya ajratilgan fuqarolarning uyiga borib, tadbirkorlik va daromad topishga qaratilgan faoliyatini yurib ketishiga ko‘maklashadi).
  3. O‘zini o‘zi band qilgan hamda tashabbuskor fuqarolarning tadbirkorlikka qiziqishlarini aniqlash, ularning kichik biznes subyektiga aylanishiga yordam berish (har chorakda kamida 5 nafar o‘zini o‘zi band qilgan hamda tashabbuskor fuqarolarni yakka tartibdagi tadbirkor yoki oilaviy korxona sifatida ish boshlashiga yordam beradi).
  4. Aholiga ijara huquqi asosida ajratilgan yer maydonlari va tomorqalardagi ekinlar va yetishtirilgan mahsulotlar hisobini yuritadi, shuningdek, dehqon xo‘jaliklari bilan eksportyor, broker va qayta ishlovchi korxonalarning hamkorligini tashkil etadi.
  5. Mahallalarda kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mikroloyihalar manzilli dasturini shakllantiradi va loyihalarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashadi.
  6. Mahalladagi bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer maydonlarini aniqlab, ularni belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqarish choralarini ko‘radi.
  7. Mahalladagi kambag‘al oilalarning har biri uchun “individual dastur” ishlab chiqadi va ularning daromadini oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi.

Yoshlar yetakchisi

  1. Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jumladan, ularni “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etishga jalb etish (har oyda kamida 20 nafar yoshlarni sport, musiqa va fan to‘garaklariga jalb etadi. Haftada bir marotaba sport musobaqalari, musiqa va raqs tanlovlarini tashkil etadi).
  2. Ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari bandligiga ko‘maklashish, jumladan, “Yoshlar bandligi dasturi”ni mahallada amalga oshirish (mahallada ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilarining ro‘yxatini shakllantiradi va hokim yordamchisi bilan birgalikda ularning bandligini ta’minlaydi. Har oyda bir marotaba maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, oliy ta’lim muassasasi va mutaxassislik yo‘nalishini tanlash hamda kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi).
  3. Davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish (mahallada “og‘ir” toifadagi yoshlarning yashash manzili va ish joyiga har oyda kamida bir marotaba borib, biriktirilgan rahbarlar bilan birgalikda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashadi).
  4. Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan, shuningdek, profilaktika inspektori bilan birgalikda huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan voyaga yetmaganlar bilan tizimli ishlash (huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar va voyaga yetmaganlarni har biri bilan individual ishlaydi).
  5. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini hal etish, jumladan, yoshlarga ko‘rsatiladigan 30 ta yordam turlaridan samarali foydalanish (har chorakda bir marotaba yordam ko‘rsatilgan yoshlarning uyiga borib, loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashadi).
  6. Xorijdagi vatandosh yoshlar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash (har oyda kamida bir marotaba xorijdagi yosh vatandoshlar bilan muloqot qilish orqali ularning faoliyatini o‘rganadi hamda Vatanga qaytib faoliyatini yuritishi uchun “mahalla yettiligi” bilan zarur choralarni ko‘radi).
  7. Iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish (har oyda kamida 1 nafar iqtidorli yoshlarni aniqlaydi, iste’dodini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ular bilan individual ishlaydi, mavjud yordam turlari orqali ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi).
  8. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, jumladan, yoshlar yetakchisining o‘zi har oyda kamida bitta kitob mutolaa qilish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatishi (har chorakda kamida bir marotaba ma’naviyat, madaniyat xodimlari, yozuvchi va shoirlarni jalb qilgan holda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikka oid tadbirlarni tashkil etadi).
  9. Shaxsiy rivojlanish maqsadida, jumladan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida kamida bitta xorijiy tilni mukammal o‘rganish (mahalla yoshlarini xorijiy tillarni o‘rganishga doimiy qiziqtirib boradi).

Xotin-qizlar faoli

  1. “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” tamoyillarini targ‘ib qilish, xususan, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning oldini olish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish (har oyda kamida 20 ta oilaga kirib, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib etadi va nikohlarning qonuniyligini ta’minlaydi. Mahallada har oyda ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalarning 5 tasini sog‘lom turmush tarziga qaytaradi).
  2. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish (har oyda bir marotaba maktabdagi o‘quvchi qizlar bilan uchrashib, ularning ta’lim olishga qiziqishini oshiradi. Har oyda kamida 5 nafar mahalladagi xotin-qizlarni tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilikka jalb qiladi).
  3. Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ushbu muammolar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilish, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishni ijtimoiy xodim bilan birgalikda tashkil etish (har oyda kamida 10 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishni tashkil etadi).
  4. Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy profilaktika va moslashtirish ishlarida hamkorlik qilish, tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratishda ishtirok etish (har oyda bir marotaba jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan va profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar xonadoniga borib, muammosini o‘rganadi. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini aniqlaydi va profilaktika inspektoriga xabar beradi).

Profilaktika inspektori

Mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni ta’minlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashishga mas’ul bo‘ladi.

Ijtimoiy xodim

Og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniqlash, ularning ehtiyojlariga qarab, kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va yordamlarni tashkil etishga mas’ul bo‘ladi.

Soliq inspektori

Tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish va mahalla budjetining daromadini shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab “mahalla yettiligi” a’zolarining ish haqini asosiy ish joyidan berish tartibi saqlab qolingan holda KPI asosida baholash natijalaridan kelib chiqib, ular moddiy rag‘batlantirib boriladi.

“Mahalla yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha alohida baholanadi. Bunda ko‘rsatkichlar mazkur xodimlarning ish beruvchilari tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Mahalla raislari hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari faoliyatini KPI asosida baholashda 20 foiz ball berish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmon bilan 2024-yil 1-martdan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi yangi tartib joriy etilishi belgilandi.

Jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi.

Har oyning 5-sanasigacha daftarlar uchun mablag‘larni taqsimlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan jamg‘armalarda shakllangan mablag‘lar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi bo‘yicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi.

Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli daftarlarga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish bo‘yicha hujjatlarni shakllantirib, mahalla “yettiligi”ning boshqa barcha a’zolariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi.

“Temir daftar” Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yuritiladi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan yordamlar fuqarolarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va shunday vaziyatga tushganlarni og‘ir vaziyatdan chiqarish maqsadida ijtimoiy xodim tomonidan mahalla “yettiligi”ga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan holda ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy yordam va subsidiyalar aholining kambag‘allikdan chiqishini ta’minlash uchun maqsadli va manzilli yo‘naltirilishi hamda qarorlar qabul qilinishida ochiqlik, haqqoniylik, ijtimoiy adolat va shaffoflik tamoyillariga rioya qilinishi uchun “mahalla yettiligi” mas’ul va javobgar bo‘ladi.