O‘zbekistonga “kafolatlangan va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur”. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni “yashil” energetika sohasidagi yangi loyihalarni ishga tushirish marosimida ma’lum qildi. “Gazeta.uz” umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lgan beshta quyosh elektr stansiyasi va bitta shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, kelgusi 6 yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga o‘sishi kutilmoqda. “Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz”, — dedi davlat rahbari.

“2030-yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni ko‘zlayapmiz”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston global muammoga aylangan iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tinimsiz izlanyapti. Xalqaro sammitlarda muhim taklif va tashabbuslarni faol ilgari suryapti.

“Yaqinda Dubayda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP28) doirasida dunyo mamlakatlari „yashil“ generatsiyani uch barobar oshirishga kelishib oldi. O‘zbekiston ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va 2030-yilgacha „yashil“ energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiradi”, — dedi u.

Ayni paytda O‘zbekistonda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

“Mamlakatimizda „yashil“ energetika bo‘yicha nihoyatda ulkan salohiyat mavjud. Yaratganning o‘zi bergan bu buyuk imkoniyatdan unumli foydalanib, uni xalqimiz manfaatlariga yo‘naltirishimiz zarur”, — dedi prezident.

“Sohani rag‘batlantirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatli sotib olish bo‘yicha „Quyoshli xonadon“ tizimini yo‘lga qo‘ydik. Shu yilning o‘zida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi. Mamlakatimizda 7 milliondan ortiq uy-joylar borligini hisobga olsak, bu investorlar uchun katta bozor yaratishini alohida qayd etmoqchiman”, — dedi u.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston kelgusida aniq reja va qat’iy sa’y-harakatlar orqali “yashil” energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashlayapti.