Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va 6 ta tumanida avariya holati yuzaga kelgani sabab gaz o‘chirildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar qildi.

Viloyat navbatchilik shtabiga kelib tushgan xabarga ko‘ra 28-dekabr kuni Bandixon tumanining “Polvontosh” mahallasi hududidan o‘tuvchi “Muzrabot-Dushanbe” magistral gaz quvurining 101−190 km oralig‘idagi D-700 mm bo‘lgan magistral gaz quvurida avariya holati yuzaga kelgan.

Hozirda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan avariya holatini bartaraf etish va tabiiy gaz ta’minotini tiklash choralari ko‘rilmoqda. Shu munosabat bilan bugun soat 6:30 dan viloyatning quyidagi shahar va tumanlaridagi iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi:

  • Termiz shahri;
  • Bandixon tumani;
  • Qiziriq tumani;
  • Muzrabot tumani;
  • Termiz tumani;
  • Jarqo‘rg‘on tumani;
  • Qumqo‘rg‘on tumani.

Ta’mirlash ishlari tugatilgandan so‘ng tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanishi qayd etilgan.

“Gaz ta’minoti filiali yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun barcha tabiiy gaz iste’molchilaridan uzr so‘raydi hamda yaqin vaqtlar ichida ta’minotni tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilayotganligini ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda.