Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi yandex.kz mahalliy domenining serverlarini Qozog‘iston hududiga o‘tkazish ishlarini yakunladi. Bu haqda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Joriy yilning avgust oyidan buyon Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan reja asosida ish olib borildi. Endi yandex.kz mamlakat ichida joylashgan serverlarda ishlaydi”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning xabar berishicha, buning uchun “Yandeks” jamoasi Qozog‘istonga uskunalar olib kelib, tizimni ishga tushirgan. Ma’lumotlarni yuklash testi muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng yandex.kz portali to‘liq mahalliy serverlarga o‘tkazilgan.

9-avgust kuni Qozog‘iston hukumati yandex.kz domenining faoliyatini to‘xtatgandi. Bunga Rossiyaining mamlakat maxsus xizmatlari 2023-yil 1-sentabrdan taksi buyurtmalari xizmati ma’lumotlar bazalariga kirish huquqiga ega bo‘lishi haqidagi qonuni sabab bo‘lgan. O‘shanda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi respublika qonunchiligiga ko‘ra, internet-resurslar apparat-dasturiy ta’minot tizimlarini respublika hududidan tashqariga joylashtirmasligi lozimligini ma’lum qilgandi.

Avgust oyi oxirida “Yandeks” kompaniya vakillari va Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi ishchi uchrashuv o‘tkazib, serverlarni mamlakatga ko‘chirishga kelishib olgani haqida xabar bergandi.