Qish — is gazidan zaharlanishlar, shuningdek, buning oqibatida vafot etishlar ko‘payadigan mavsum. Ammo hali qish kelmay, bunday o‘limlar xabari keldi. Masalan, 15-oktabrda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida uch kishi, 21-noyabrda Qo‘qon shahrida yashovchi er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi.

15-dekabrda Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida yashovchi bir oilaning yetti nafar a’zosi is gazidan zaharlanib, ularning besh nafari vafot etdi. 16-dekabrga o‘tar kechasi Yangi Namangan tumanida bir oilaning 4 a’zosini is gazi hayotdan olib ketdi.

Is gazi nima? Undan zaharlanish qanday yuz beradi? Bunday hollarda (yoki zaharlanmaslik uchun) nima qilish kerak? “Gazeta.uz” tegishli tashkilotlar — Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash hamda Energetika vazirliklarining bu bo‘yicha tavsiyalarini jamladi.

Is gazi

Is gazi (uglerod oksidi) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, uglerodi mavjud bo‘lgan har qanday yoqilg‘i: tabiiy gaz, benzin, dizel, mazut, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining chala yonishi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50−60 foizgacha is gazi bo‘ladi.

Qanday hollarda is gazidan zaharlanish mumkin?

Shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalar ishlab chiqaradigan korxonalar, avtoturargohlar, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlar, dam olish palatkalarida, shuningdek, uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi oqibatida is gazidan zaharlanish mumkin. Is gazining eng kam miqdori ham zaharlanish uchun yetarli bo‘ladi. Inson o‘zida holsizlanish alomatlarini his qilmagunicha uning borligini sezmaydi.

Infografika: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”Infografika: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”

Nimalar is gazidan zaharlanishga sabab bo‘ladi?

  • gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;
  • nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • dudburonlarni noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda gaz ballonlarini uxlash xonalariga olib kirish;
  • havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • havoni almashtiruvchi shamollatish tuynuklarni berkitib qo‘yish;
  • yetarli havo aylanmaydigan sharoitda gazga moslashtirilgan qurilmalarning havoni tortish mexanizmi ishdan chiqishi yoki ventilyatsiya kanallariga havo yetarlicha kirib turishi;
  • dvigatelni cheklangan joyda, masalan, garajdagi mashinada ishlatish;
  • gaz moslamasida to‘g‘ri o‘rnatilgan havo aylantirish tizimining mavjud emasligi;
  • gaz plitasidan binoni isitish va uning ustida kiyimlarni quritishda foydalanish;
  • gaz plitasini yoqilgan holatda nazoratsiz tashlab qoldirish;
  • gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirish;
  • bolalarni gaz uskunalaridan foydalaniluvchi joylarda nazoratsiz qoldirish;
  • quvurlardan tabiiy gaz sizib chiqishi;
  • pechlar qopqog‘ini yopmaslik holatlarida is gazidan zaharlanish mumkin. Yonish maydonida yetarli kislorod bo‘lmasa, zaharlanish istalgan muhitda, hatto gaz plita duxovkasi ishlab turganda ham sodir bo‘lishi mumkin.

Is gazi organizmga qanday ta’sir qiladi?

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etib, avvalo, qonga kiradi va gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Shundan so‘ng gemoglobin kislorod tashish qobiliyatini yo‘qotadi. Odam bu gazdan qancha ko‘p nafas olsa, uning qonida gemoglobin shunchalik kamayadi va tanada kislorod yetishmovchiligi — gipoksiya paydo bo‘ladi. Is gazidan zaharlanishdan so‘ng gemoglobin hujayralarini tiklash uchun ko‘p vaqt talab etiladi.

Is gazidan zaharlanish alomatlari

Uglerod oksididan zaharlanish qisqa muddatda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu o‘sha muhitda havo tarkibidagi gaz konsentratsiyasiga bog‘liq. Agar uning miqdori kam bo‘lsa, insonda mushaklar bo‘shashishi, bosh aylanishi va og‘riq, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar, quloqlarda shovqin, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, qusish, uyquchanlik kuzatiladi.

Yuqori konsentratsiyada zaharlanish tezda yuzaga chiqadi va hushdan ketish, tutqanoqlar, nafas to‘xtashi bilan namoyon bo‘ladi. Eng yomoni, nafas markazining falajlanishi oqibatida o‘lim holati yuz berishi mumkin. Ba’zida zaharlanishdan 2−3 hafta o‘tib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan.

Gaz hidini sezganda nima qilish kerak?

Gaz hidini sezgan zahoti gaz avariya dispetcherlik xizmatiga xabar berish, barcha gaz kranlarini yopish, ochiq olovdan foydalanmaslik, darhol eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish, elektr jihozlarini yoqmaslik va o‘chirmaslik kerak.

Birinchi yordam

Is gazidan zaharlanganda birinchi yordam ko‘rsatish zaharlangan odamning hayotini saqlab qolishda nihoyatda muhim. Avvalo, gaz tarqalgan joydan jabrlanuvchini tezlik bilan toza havoga olib chiqish kerak. Jabrlanuvchi hushidan ketgan bo‘lsa, nashatir spirtini hidlatish, sun’iy nafas berish, tanani ishqalash, issiq choy va kofe ichirish va, albatta, tez tibbiy yordamni chaqirish kerak.

Gaz bilan bog‘liq yong‘in va zaharlanishlar sodir bo‘lganda qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lgan raqamlar:

  • 101 — yong‘in xavfsizligi xizmati;
  • 104 — gaz avariya dispetcherlik xizmati;
  • 103 — tez tibbiy yordam xizmati;
  • 1050 — qutqaruv xizmati.