2023-yilda O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan 9,2 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari va 663 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar musodara qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining bojxona organlarining 2023-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.

2022-yil davomida bojxona organlari tomonidan 749 kilogramm giyohvandlik vositalari, 308 ming dona kuchli ta’sir etuvchi vositalar va 5 ming birlik psixotrop moddalar musodara qilingan.

Giyohvand moddalarni aniqlashning 12,3 barobarga oshishiga 2023-yilning sentabr oyida Toshkent xalqaro aeroportida qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 8,5 tonna ko‘knori olib o‘tilayotgani aniqlangani sabab bo‘ldi. Qo‘mita bu O‘zbekiston bojxona xizmati organlarining so‘nggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida chegarada 21 mingta taqiqlangan materiallar, 21 ta qurol va 8626 ta o‘q-dorilar, 28 mlrd so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari, 162 kg zargarlik buyumlari, 5,6 mln quti tamaki mahsulotlari hamda 4,8 mln dona pirotexnika vositalari ushlab qolindi.

Umumiy hisobda aniqlangan 21 mingdan ortiq bojxona qonun buzilishi holatlarida qariyb 1 trln so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.

Yil davomida davlat budjetiga 58,4 trln so‘m bojxona to‘lovlari tushdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga oshdi, deya qayd etdi qo‘mita.