O‘zbekistonda davlat organlarining rahbarlik lavozimlaridagi ayollar ulushi 2030-yilga qadar 30 foizgacha yetkazilishi mumkin. Bu prezidentning 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Xususan, 2030-yilgacha har bir davlat organi, tashkilot va korxonasida, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, sud tizimida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilga qadar 30 foizga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etiladi.

Farmon bilan ish beruvchi tomonidan ish o‘rinlari zaxirasiga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy zo‘ravonlik oqibatida jabrlanganlar ham kiritiladi.

2024-yil 1-fevraldan ta’lim muassasalarida kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. O‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan oshmagan qismi davlat hisobidan qoplanadi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi “O‘zcharmsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekipaksanoat” va “Parrandasanoat” uyushmalari bilan birgalikda ularning tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar uchun zarur ishchilarning korxonalar kesimida aniq ehtiyojini ishlab chiqadi.

2024-yil 1-yanvardan Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish jamg‘armasi tomonidan ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslar ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng bino va inshootning dastlabki uch oylik ijara to‘lovi BHMning 10 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi.

2024-yil oxirigacha 50 ta tumanda, 2025-yil oxirigacha esa kamida 100 ta tumanda xotin-qizlar tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar bo‘yicha fyuchers shartnomalarini tuzib, ularning realizatsiyasiini ta’minlaydigan xo‘jalik hisobidagi kooperativlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, mahsulot ishlab chiqaradigan, lekin bozor topishda qiynalayotgan ayollar ijtimoiy media marketingi bo‘yicha o‘quv seminarlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

2024-yil 1-yanvardan xotin-qizlarga haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha bo‘lgan muddatga ruxsat etiladi.