O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib oluvchi kompaniyalar yana bir imtiyozga ega bo‘ladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 15-dekabr kuni soliq va budjet siyosatining 2023-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi. Senat ularni 20-dekabrda ma’qulladi.

Xususan, o‘zgartishlarga ko‘ra, imtiyoz qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallar, nodir va nodir yer elementlarini qazib olish hamda ularni texnogen mineral mahsulotlar (oltin, kumush, platina, uran, mis, rux va boshqalar)dan ajratib olish, uglevodorod qazib chiqarish (gaz, neft, gaz kondensati) bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar uchun 2022-yil 1-yanvardan joriy etilgan maxsus renta solig‘iga taalluqlidir.

Endilikda Soliq kodeksining 18-bobida ko‘rsatilgan renta solig‘i bo‘yicha qoidalar 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrgacha foydali qazilmalar qazib olish faoliyatini boshlaydigan kompaniyalarga nisbatan qo‘llanmaydi. Deputat Doniyor G‘aniyev 15-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu davrda ish boshlagan kompaniyalar umrbod renta solig‘idan ozod etilayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi imtiyoz sanoatdagi raqobat muhitini buzadi. U ikki yil avval parlament yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini (gaz, neft, oltin va boshqalarni qazib olish uchun) pasaytirganini esga oldi, chunki o‘shanda hukumat renta solig‘i joriy etilganda umumiy soliq bazasi o‘zgarmasligini va soliq tushumlari oshirilishini bildirgandi.

Biroq yakunda soliq stavkalari pasaytirilishi tufayli budjet yuzlab milliard so‘m yo‘qotgan va yig‘ilishda ma’lum bo‘lishicha, bu vaqt ichida faqat Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) renta solig‘ini to‘lagan.

Deputat imtiyozni vaqtinchalik qilishni, uni doimiy muddatga faqat ayrim kompaniyalar uchun qo‘llamaslikni taklif qildi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevнинг aytishicha, mazkur taklif Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Strategik islohotlar agentligi tomonidan tahlil qilinib, keyin Prezident administratsiyasiga kiritilib, ma’qullangan.

“Analitik hisobotga ko‘ra, ushbu maxsus renta solig‘ini bekor qilish taklif qilingan. Prezident ma’muriyati uni bekor qilishni ma’qulladi. Ushbu topshiriqqa asoslanib, biz maxsus renta solig‘ini to‘lashni bekor qilmayapmiz, balki ikki yilga — 2025-yil 31-dekabrgacha to‘xtatib turamiz. Shu davrda konlarni qidirish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar ushbu soliqni to‘lamaydi. 2025-yil 31-dekabrdan keyin bu muddatni uzaytirmasak, soliq to‘lash boshlanadi”, — dedi u.

Unga ko‘ra, ushbu maxsus renta solig‘i faqat NKMK tomonidan to‘langan: 2022-yilda — 77 milliard so‘m, 2023-yilda — 310 milliard so‘m, jami — 387 milliard so‘m. Foydali qazilmalarni qazib olgan qolgan kompaniyalar hech qancha to‘lamagan.

“Maxsus renta to‘lovi bo‘lmagan taqdirda ham yerdan foydalanganlik uchun soliq va daromad solig‘i ko‘rinishida korxonalardan [soliq] tushumlarni undirib olsa bo‘ladi. Hozirgi holatni inobatga olsak, NKMKdan tashqari maxsus rentadan budjetga bir so‘m ham tushgani yo‘q”, — dedi Mubin Mirzayev.

Soliq qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari imtiyoz umrbod emas, faqat ikki yilga beriladi, deb ta’kidladi.

Deputat Doniyor G‘aniyev nega hukumat ikki yil avval hech kim renta solig‘ini to‘lamasa, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini kamaytirishni so‘raganiga qiziqdi. Eslatib o‘tamiz, neft va tabiiy gaz uchun yer qa’ridan foydalanganlik bo‘yicha soliq stavkalari 20−30 foizdan 10 foizga, oltin va mis uchun 10 foizdan 7 foizga, volfram uchun 10,4 foizdan 2,7 foizga, uran uchun 10 foizdan 8 foizgacha tushirilgandi.

Shuningdek, u konda ishlab chiqarish 2025-yil 31-dekabrgacha boshlansa, “butun faoliyat davri uchun” imtiyoz berilayotganini ta’kidladi.

Zaldagi amaldorlardan biri renta solig‘i joriy qilinganidan keyin “uglevodorod bozoriga birorta ham investor kelmaganini” aytdi.

Deputat Ilhom Abdullayevning aytishicha, imtiyoz joriy etilishi O‘zbekistonda uglevodorod qazib olishga yirik investorlarni jalb qilishga qaratilgan.

Doniyor G‘aniyev bekor qilish va vaqtinchalik yengillik o‘rtasida farq borligini ta’kidladi. “Foydalanishning bekor qilinishi hamma uchun teng sharoit yaratadi. Siz uni bekor qilmayapsiz, faqat ikki yil davomida faoliyatini boshlaganlarga umrbodga imtiyoz beryapsizlar. Bu raqobat muhitini buzadi”, — deya yana bir bor ta’kidladi u.

“Biringiz renta solig‘ini faqat bitta kompaniya to‘lagan desangiz, boshqangiz hech kim to‘lamagan deyapsizlar. Demak, ikki yil avval bizni aldagan bo‘lib chiqyapsizlar. Renta solig‘i joriy qilinayotganda sizlar aytgansizlarki, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini pasaytiryapmiz, chunki biz renta solig‘i joriy etyapmiz, bu soliqni to‘lash hisobiga umumiy tushum ko‘payadi degansizlar. Ko‘rinib turibdiki, biz qimmatbaho metallar qazishda yer qaridan foydalanganlik uchun soliqni bekorga arzonlatib berganmiz, soliq tushumini yo‘qotganmiz”, — dedi Doniyor G‘aniyev.

G‘aniyevning so‘zlari hamkasblari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va Qonunchilik palatasi qo‘shimchalarni bir ovozdan qabul qildi (G‘aniyev ovoz bermadi).

Eslatib o‘tamiz, soliq stavkalarini tabiiy gaz uchun 3 barobar, neft va gaz kondensati uchun 2 barobar pasaytirish orqali davlat budjetiga 2022-yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumi 538,1 milliard so‘mdan kamroq bo‘ldi. Shuningdek, ushbu resurslarni ishlab chiqarish ham qisqarishda davom etmoqda.